AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Bayrutda Livan rahbarlari bilan uchrashgan. Ikki haftadan so'ng bu mamlakatda parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Saylovlarda G'arbga xayrixoh hukumat va Suriya tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan, ammo AQSh terrorchi deb biladigan Hizbulloh asosiy da'vogarlar.
Jo Bayden 1983 yildan beri Livanga ilk tashrif buyurgan AQShning eng yirik rasmiysidir. Mamlakat prezidenti Mishel Sulaymon bilan uchrashuvidan so'ng Bayden Amerika 7 iyun saylovlarida hech bir tomonga yon bosmaydi va Livan davlati yaxlitligini qo'llab-quvvatlaydi degan.
"Men bu mamlakatga bironta partiya yoki siyosatchiga xayrixohligimni bildirish uchun kelganim yo'q. Livan xalqining o'zi hukumati va rahbarlarini tanlashi lozim," deydi Bayden.
Shunga qaramay Hizbulloh guruhi AQSh vitse-prezidentini saylov jarayoniga ta'sirini o'tkazib, Livan ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblagan.
Bayden, shuningdek, Hizbulloh tarafdori bo'lmish parlament spikeri Nabih Berri va Bosh vazir Fuad Siniora bilan ham uchrashgan.
Livanlik siyosiy tahlilchi Rami Xurining aytishicha, Baydenning tashrifi Livan jamoatchiligi tomonidan amaldagi hukumatga dalda sifatida ko'riladi va saylov natijalariga ta'sir qilishi mumkin.
Kuzatuvchilarga ko'ra, saylovlarda Hizbulloh yutib chiqishi mumkin. Bu esa AQShni Livanga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqishga majbur qiladi. Aks holda arab-Isroil tinchlik jarayoni chigallashishi mumkin, deydi mutaxassislar.