AQSh Afg'onistonga qo'shimcha harbiylar yuborar ekan, Tolibon va al Qoidani yengishda nafaqat harbiy kuch, balki iqtisodiy vositalarni ishga solishni ham unutayotgani yo'q. Oddiy afg'onlar hayoti yaxshilanmasa, Tolibonga xayrixohlik yo'qolmaydi, deydi ba'zi mutaxassislar.
Barak Obama ma'muriyatining Afg'oniston bilan shug'ullanuvchi guruhi xulosasiga ko'ra, Afg'onistonda g'alaba qilish uchun qo'shimcha askarlar bilan pul kifoya emas. Taraqqiyot tushunchasiga bo'lgan yondashuvni o'zgartirish lozim. Bush prezidentligi davrida afg'on dehqonlarini qoradori yetishtirishdan oddiy qishloq xo'jaligiga qiziqtirish harakatlari bo'lgan. Biroq yerning ishlanmagani va suv tanqisligi bois dehqonlar ovorasi kamroq va moddiy foydasi ko'proq afyundan voz kechmagan. AQSh ajratayotgan pul oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish o'rniga, afyun dehqonlari va savdogarlariga qarshi kurashga sarflangan.
Mamlakatda avgust oyida prezident saylovlari o'tadi. AQShlik afg'on tahlilchi Mariam Navobiyning aytishicha, xalq o'zgarishlar tarafdori.
"Odamlar asosiy ehtiyojlari qondirilishini istaydi. Suv, elektr quvvati, oziq-ovqat. Afg'onistonning ba'zi qismlarida yegulik tanqis. Hukumat doiralarida korrupsiya kuchaygan. Xalq rahbarlar ularning manfaatlarini himoya qilmayotganidan noliydi. Qo'shma Shtatlar xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Afg'onistonda armiya va politsiya hajmini kengaytirmoqchi, biroq bu kuchlar nodemokratik tuzum tayanchi bo'lsa, xalq ulardan yuz o'girib, Tolibonga yuz tutishi mumkin," deydi Mariam Navobiy.
2001 yildan beri AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi salkam 8 milliard dollar sarflab, 1,600 kilometr yo'l va 700 ga yaqin maktab qurgan, minglab davlat xizmatchilari malakasini oshirgan.
Obama ma'muriyati moddiy yordamga muhtoj dehqonlarning Tolibon tomoniga o'tmasligini ta'minlash maqsadida ular uchun hozircha yagona daromad manbai bo'lib turgan afyun dalalariga qarshi harakatlarni susaytirgan. Diqqat aksincha oziq-ovqat mahsulotlarini ko'paytirish dasturlarini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu maqsadda o'tgan hafta Kongress qo'shimcha 100 million dollar ajratgan, keyingi yil uchun esa 235 million dollar so'ralmoqda.
Ba'zilar nazarida AQShning shu paytgacha sarflagan pullarining katta qismi behuda ketgan, ko'kka sovurilgan. Tahlilchi Mariam Navobiyning aytishicha, Kongress millionlab va hattoki milliardlab dollar pul ajratsada, uning katta qismi shu paytgacha AQShning Afg'onistondagi ehtiyojlari uchun sarflangan.
"Pulning aksariyati AQSh harbiylari xarajatlarini qoplashga yo'naltirib, afg'onlarga yetib bormaydi. Aynan taraqqiyot dasturlari uchun ham jiddiy pul ajratilishi lozim. Odamlar uning foydasini ko'rsin," deydi Mariam Navobiy.
"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, ayni damda ba'zilar Afg'onistonda paxta sanoatini tiklashni taklif qilmoqda. Dehqonlarning afyunga berilishiga sabab - oddiy qishloq xo'jaligi uchun na urug' bor, na texnika va na o'g'it. Qoradori savdogarlari esa ularni afyun yetishtirish uchun barcha shart-sharoitlar, pul bilan ta'minlamoqda.