Dunyoning eng badavlat sakkiz davlati kambag’al mamlakatlar uchun 20 milliard dollar ajratmoqda. Italiyada “Katta Sakkizlik” sammitida shunga kelishib olingan. Anjumanda qatnashgan prezident Barak Obama mamnun, ammo “sakkizlik” kelajagi mavhum, deydi.
Prezident Barak Obamaning aytishicha, sammitda global iqtisodiy krizis, iqlim o’zgarishi kabi muhim mavzular ko’tarilgan. 20 milliard dollarlik yordam dasturi alohida tahsinga loyiq, deydi u.
Mablag’ yo’qsil davlatlarda ochlikka qarshi kurash, qishloq xo’jaligini rivojlantirishga sarflanadi.
Sammitda Eron masalasi, prezident saylovlaridan so’ng avj olgan namoyish va qonli to’qnashuvlar ham tilga olindi. Anjumandan oldin “Katta Sakkizlik” Eronga qarshi sanksiya e’lon qiladi, degan taxmin bor edi. Biroq davlatlar qat’iy ogohlantirish bilan cheklangan.
“Eron hukumati tinch namoyishlarni kuch bilan bostirib, xalqaro hamjamiyatni dahshatga soldi. Dunyo davlatlari bu voqealarni qoralaydi,” -deydi Obama.
AQSh rahbari sammitda so’zlar ekan, “Katta Sakkizlik” faoliyati, unga a’zolik masalasida ham to’xtaldi. Uning nazarida tashkilot safiga kirish soddaroq bo’lishi, yangi a’zolar uchun eshiklarni ochish kerak.
“Afrika, Lotin Amerikasi va boshqa qit’alarda o’nlab davlatlar bor. Ular ham xalqaro sahnaga chiqishga loyiq. Bu davlatlar fikriga quloq solmay, biror natijaga erishish qiyin”, - deydi Obama.
AQSh prezidenti bugun Afrikaning Gana davlatida. Bu davlat ahliga murojaat qilar ekan, Obama mintaqaga yordam qo’lini cho’zishga tayyormiz, dedi. Biroq Afrika davlatlari ham siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot sari intilishi kerak, deydi prezident.
Urush, qashshoqlik va korrupsiya keng tarqalgan bu mintaqada Gana eng tinch, demokratik va barqaror davlat sanaladi. Obama bu yerga kelishi bejiz emas, deydi tahlilchilar, u shu tariqa Ganadan o’rnak olishga chaqirmoqda.
“Taraqqiyot garovi mustahkam va adolatli boshqaruvda”, deydi Obama Gana parlamentida qilgan nutqida.
Zaxiralarga boy Afrika qit’asiga nafaqat AQSh va g’arb, balki Xitoy ham katta qiziqish bilan qaramoqda. Bu davlatlar savdo uchun ham qulay hamkor.
Biroq Amerikadan farqli ravishda rasmiy Pekin Afrikaga hech qanday shart qo’yayotgani yo’q.
Ba’zi yopiq hukumatlar uchun Xitoy sarmoyasi shunisi bilan ma’qul.