Jo Bayden: Rossiya bilan aloqalar Ukraina hisobiga bo'lmaydi

Kiyevga tashrif buyurgan AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenga ko'ra, dunyodagi hech bir davlat Ukraina yoki boshqa biror mamlakatga qanday tashqi siyosat yuritishni yoki qaysi tashkilotga a'zo bo'lishni buyura olmaydi. Kuzatuvchilarga ko'ra, Bayden ushbu bayonoti bilan Rossiyani nazarda tutgan.

Agar Ukraina NATOga qo'shilishni istasa, Qo'shma Shtatlar unga bu ishda ko'mak berishga tayyor, deydi Jo Bayden.

"Prezident Obama Moskvaga tashrifi chog'ida AQSh Ukraina mustaqilligi va siyosatida tanlash erkinligini qo'llab-quvvatlashini aniq aytgan. Biz ayni damda Rossiya bilan aloqalarimizni qaytadan ko'rib chiqmoqdamiz, biroq bundan Ukraina zarar ko'rmaydi deya va'da beraman," deydi Bayden Ukraina prezidenti Viktor Yushchenkoga murojaat etib.

Yushchenko o'z navbatida Rossiya bilan aloqalar konstruktiv bo'lishiga umid qildi.

"AQSh-Rossiya munosabatlari kelajakda barcha tomonlar uchun manfaatli bo'lishi lozim," deydi u.

Ma'lumki, Rossiya sobiq Sovet hududlarini o'z manfaati doirasi deb biladi, biroq Ukraina bunday siyosatga qarshi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Baydenning respublikaga tashrifini yaqindan kuzatishini ma'lum qilgan.

Vazirlik matbuot kotibi Andrey Nesterenkoning aytishicha, AQShning Rossiyaga chegaradosh davlatlar bilan aloqalari tiniq, sahnaorti o'yinlarsiz bo'lishi lozim.

Bayden va Yushchenko siyosatdan tashqari, energetika, atom zavodi va uning uchun Amerikadan yonilg'i olishni muhokama qilgan. Ilgari Ukraina yonilg'ini Rossiyadan olar edi. Ukraina orqali yonilg'i resurslarini Yevropaga yetkazish rejalari ham gaplashilgan.

AQSh vitse-prezidenti bugun Tbilisida ham bo'lib, ikki kun davomida Gruziya rahbariyati va muxolifati bilan uchrashadi.