Yaqinda Barak Obama Moskvada prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashganida gap asosan qurollarni nazorat qilish haqida ketgan. Ular 5 dekabrda muddati tugayotgan START-1 bitimini yangilovchi hujjatning asosiy shartlari bo'yicha kelishib oldi.
Qurollar nazorati bilan bog'liq masalalarni o'rganuvchi uyushma rahbari Deril Kimbolning aytishicha, AQSh 2200 strategik yadro quroliga ega.
"Ular yer va suvda joylashgan 1100 moslamalar va bombardimonchi samolyotlarga o'rnatilgan. Rossiyada esa 2600-2700 yadro quroli shay turibdi. Biroq ularni harakatga keltiradigan moslamalar ko'p emas. 700 atrofida," deydi Kimbol.
Minnesota universitetida xavfsizlik va qurollanish masalalari bo'yicha mutaxassis Stiv Andrisenning aytishicha, prezidentlar Obama va Medvedev qurollarni kamaytirishga kelishib oldi.
"Rahbarlar yadro qurollarini 1500 dan 1675 tagacha tushirish niyatida. Ularni harakatga keltiruvchi moslamalarni esa 500-1100 gacha. Muzokarachilar ayni damda har ikki tomonga to'g'ri keluvchi raqamlar haqida gaplashmoqda," deydi Andrisen.
Garvard universiteti mutaxassisi Marshall Goldman nazarida Moskvada kelishilgan bitimni salmoqli deyish qiyin.
"Ammo uning qabul qilingani ijobiy hol. Aks holda yana qurollanish poygasiga qaytgan bo'lar edik. Bu esa hech bir tomon manfaatiga javob bermaydi," deydi Goldman.
Ba'zilar nazarida yakuniy hujjatga doir to'siqlarni bartaraf etish oson bo'lmaydi. Masalan, deydi Stiv Andrisen, muddati tugayotgan hujjatdan nimalar olinishi aniq emas.
"Tomonlar ma'lum bir raqamlarga kelishmoqchiyu, ammo ularning hisobi amalda qanday bo'ladi? Shay holatga keltirilgan qurollar hisoblanadi xolosmi yoki zaxiradagilari hammi?"
Muzokarachilarda vaqt kam, deydi Stiv Andrisen. Bitim muddati 5 dekabrda tugasada, loyiha ustida ishni avgustgacha yakunlash kerak, chunki uning AQSh Senati va Rossiya parlamenti tomonidan ratifikatsiyasi ham vaqt talab qiladi.
"Avval hujjat qo'mitalarda muhokama qilinadi, keyin ovozga qo'yiladi," deydi tahlilchi.
Deril Kimbol qonun loyihasi o'z vaqtida ratifikatsiya etilishiga shubha qilmoqda.
"Shunday bo'lgan taqdirda va yangi bitim kuchga kirgunga qadar eskisining asosiy punktlari amal qilib turishi uchun qandaydir shartnomaga kelish kerak bo'ladi," deydi Kimbol.
Yoki, deydi ba'zi tahlilchilar, eski bitim muddatini vaqtinchalik uzaytirish lozim bo'ladi.