Tojikistonda jangari hujumlari kuzatilmoqda

Dushanbe shahri yaqinida O'zbekiston Islomiy Harakati a'zosi deya gumon qilingan bir shaxs otib o'ldirilgan. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bu ma'lumotni tasdiqlagan.

32 yoshli marhumning ismi Shavkat Yusupov va uning Sug'd viloyatilik ekani aytilmoqda.

Rasmiylarning bildirishicha Yusupov maxsus operatsiya paytida halok bo'lgan; qochishga urinib, xavfsizlik kuchlarini o'qqa tutgan.

Afg'oniston bilan chegaradosh hududda, Tavildara shahrida qurollangan noma'lum guruh harbiy punktga hujum qilgan. Ulardan besh nafari o'ldirilgan, ikki zobit yaralangan.

O'lganlardan Rossiya pasportlari topilgan. Ism-sharifi va ko'rinishiga qarab, rasmiylar ularni kavkazlik deb ta'riflamoqda.

Lekin Tojikiston hukumati xurujlarda O'zbekiston Islomiy Harakatini ayblamoqda. Xavfsizlik kuchlarining aytishicha, harakat a'zolari Afg'onistondan bu davlatga o'tishga urinmoqda.

O'tgan hafta yetakchi jangari sifatida tanilgan Mirzo Ziyoyev Tavildarada, hukumat bilan til biriktirganlik gumoni ostida, o'ldirib ketilgan edi. Shundan keyin harbiylarga nisbatan qator hujumlar kuzatilgan.