Qo'shma Shtatlar va NATO Afg'onistonda 100 mingga yaqin harbiyga ega. Shimoliy Atlantika harbiy bloki Afg'onistonda 2003 yildan beri BMT mandati ostida xizmat qiladi. Mamlakatda 60 ming sonli harbiyga ega.
Tahlilchilarga ko'ra, NATO o'z oldiga uch maqsad qo'ygan. Afg'on hukumatiga qayta qurish va barqarorlashtirish ishlarida yordam berish, afg'on armiyasi va politsiyasini tayyorgarlikdan o'tkazish va janubni jangarilardan tozalash.
NATO askarlarining katta qismi Amerika harbiylaridan iborat. 30 ming atrofida. Bundan tashqari Qo'shma Shtatlar NATOdan mustaqil ravishda harakatlanuvchi 32 ming qo'shinga ega.
Londondagi Yevropa islohoti markazida NATO va Afg'oniston bo'yicha mutaxassis Tomas Valasekning aytishicha, ikkala kuchning vazifalari deyarli bir xil.
"Farqi shundaki," deydi u, "AQSh qo'shinlarining asosiy vazifasi - Osama bin Laden hamda al Qoida va Tolibonning faol rahbarlarini ushlash yoki yo'q qilish. NATO esa asosan hukumatga tinchlikni o'rnatishda yordam beradi," deydi Valasek.
Iyul oyi AQSh va NATO kuchlari uchun eng qonlisi bo'ldi. Koalitsiya 76 askaridan ayrildi. 45 nafari amerikalik.
Tahlilchilarga ko'ra, Tolibon prezident saylovlaridan oldin zo'ravonliklarni kuchaytirib, xalqning saylovlarga chiqishiga to'sqinlik qilishga harakat qildi. Toliblar faoliyatini janubdan tashqari mamlakatning sharqiy va ancha tinch hisoblangan shimoliy hududlariga ham yoygan.
Ogayo shtatidagi universitet professori Shon Keyning aytishicha, so'nggi bir necha yil ichida Tolibon ba'zi usullarini yangilagan.
"Ilgari Afg'onistonda qo'llanilmagan taktikaga o'tildi. Tolibon Iroqdagi jangarilardan suiqasd xurujlarni o'rgandi. Bu nafaqat aholi, balki AQSh askarlariga ham talofat keltirmoqda," deydi professor Keyn.
London universiteti mutaxassisi Maykl Uilyamsning ta'kidlashicha, Tolibon eski usullardan ham voz kechgani yo'q.
"Tolibon hududlarni nazorat qilmasada, ularning borligi hamisha sezilib turadi. Pistirmadan zarba berib turishadi. NATO biron-bir hududni qo'lga olib, u yerda nazoratni o'rnatgach, toliblar inidan chiqib, xuruj uyushtirib, yana g'oyib bo'lib qoladi. Bu alyans uchun katta qiyinchiliklar tug'diradi," deydi Uilyams.
Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchanga ko'ra, jangarilarga qarshi kurash oson bo'lmagan, chunki ular hech qachon ochiq maydonda jang qilmaydi.
"Afg'oniston misolini oladigan bo'lsak, jangarilar hujum qiladiyu, qo'shni Pokistonga qochadi. AQSh pilotsiz samoloyotlar yordamida u yerda ham operatsiya olib borayotgan bo'lsada, Pokiston hukumati Amerika askarlarini o'z hududiga kiritmayapti. Bu esa Tolibon iziga tushishni qiyinlashtirmoqda," deydi Kupchan.
Agar NATO Tolibonni yenga olmasa va mamlakatni barqarorlashtira olmasa, deydi ba'zi tahlilchilar, uning obro'si tushib ketishi mumkin. Biroq bu yolg'iz NATO qo'lidan kelmaydi. Ularning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Afg'oniston hukumatidan zarur iqtisodiy, moliyaviy va boshqa turdagi yordamni ayamasligi lozim.