Kiber xavfsizlik -  AQSh hukumati uchun strategik masala

Xavfsizlik tushunchasi bugun yanada kengayib, internetga e'tibor oshgan.

Yaqinda Amerikada bir necha ommabop, xususiy va hukumatga tegishli saytlarga hujum qilinib, tizimlar ishdan chiqqan edi.

Xurujda Shimoliy Koreya gumon qilinmoqda. Kiber xavfsizlik Amerika hukumati uchun strategik masalaga aylangan.

Mutaxassislarning aytishicha yaqinda Amerikada ommaviy sanalgan "Twitter" va "Facebook" kabi ijtimoiy-ko’ngilochar saytlarga qilingan hujumdan maqsad Rossiyani tanqid qilgan gruzinni tarmoqdan chiqarish bo’lgan.

Bu kabi kiber xurujlar ko’lami kengayib, ayrim davlatlarga qimmatga tushmoqda.

Iste’fodagi general Garri Radigi fikricha bu jarayonni to’xtatish qiyin va kun sayin ko’payishi tayin. General prezident Barak Obamaga bu masala yuzasidan maslahat berib kelayotgan ekspertlardan biri.

"Bu jarayonda muhim omil shundaki, biz xavfni nazorat qila olishimiz kerak. Xurujga uchrashimiz turgan gap ekan, uning asosini topib yo’q qilish haqida o’ylash kerak", - deydi iste'fodagi general.

Amerikaliklar qancha ko’p internet va kompyuterdan foydalansa xavf ko’lami ham shunchalik keng bo’ladi, deydi general.

"Masalan Estoniyada yaqinda hakkerlar hukumat tizimlarini kerakmas xatlar bilan to’ldirib, hammani sarosimaga soldi. Sekundiga 5 ming dona xat tushib tizimni ishdan chiqargan", - deydi general Radigi.

Amerikada neft va gaz sanoati kompyuterlashtirilgan ekan, deydi general Radigi, bu tizimlarni himoya qilish nihoyatda muhimdir.

"Kimdir sanoatning boshqaruv tizimiga hujum qilishi mumkin. Energiya ta’minoti uzilib, millionlab dollar ziyon yetishi mumkin. Xalq esa elektr energiyasiz va yonilg’isiz qolib jabr ko’rishi turgan gap", - deydi Garri Radigi.

AQSh hukumati bunga yo’l qo’ymaslik uchun ham fuqaro, ham harbiy mutaxassislar bilan hamjihatlik qilmoqda.

Ichki xavfsizlik vazirasi Janet Napolitano zarur kadrlar yetishmaydi deydi.

"Kiber xurujlarga qarshi zudlikda chora ko’ra oladigan xavfsizlik xodimlarini topish, ular malakasini oshirish ustida o’ylayapmiz. Ular juda oz", - deydi Napolitano.

Hukumat hakkerlardan ancha ustun, aqlli va bir necha qadam oldinda yuradigan mutaxassislarga muhtoj, deydi vazira.

"Eng muhimi tarmoqni saqlab qolish. Hujum qaytarilgandan keyin nima qilinadi? ana shu bosqich juda muhimdir."

Hukumat bir o’zi bu balo bilan kurashishi qiyin, deydi Janet Napolitano. Uning fikricha aholi ham o’z xavfsizligini ta’minlay olishi uchun ogoh turishi, hukumat tizimlari bilan hamkorlik qilishi, xavfsizlik programmalarini yangilab turishi kerak.