Afg'onistondagi saylovlarda peshqadam - Hamid Karzay

So'nggi ikki kun ichida Afg'oniston saylov komissiyasi prezident saylovlari natijalarining 17 foizini e'lon qildi. Ularga ko'ra, amaldagi prezident Hamid Karzay 42 foiz bilan asosiy raqibi Abdulla Abdullani ortda qoldirmoqda. Sobiq tashqi ishlar vaziri 33 foiz ovoz to'plagan.

Abdulla Abdullaning aytishicha, uning qo'lida saylov uchastkalarida ro'y bergan qalloblik va qonunbuzarliklar aks ettirilgan videotasma bor. Unga ko'ra, uchastkalarda ko'plab soxta byulletenlar bo'lgan. Shunga qaramay u o'z tarafdorlarini bosiqlikka chaqirgan.

Afg'onlar va jahon hamjamiyati saylovlarning yakuniy va to'liq natijalarini sabrsizlik bilan kutmoqda. Mamlakatdagi qayta qurish ishlarining jadallashishi yangi rahbarning o'z ishini tezroq boshlashiga bog'liq. Barak Obama ma'muriyati ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash va iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan tashabbuslarni talab qilmoqda. AQShning Afg'oniston va Pokistondagi maxsus vakili Richard Xolbruk shu maqsadda bir necha mutaxassislar bilan uchrashgan.

Ma'lumki, tiklanish ishlariga korrupsiyaga botib, xalq e'tiboridan qolgan hukumat va zo'ravonliklarni avj oldirayotgan jangarilar halaqit bermoqda. Qo'shma Shtatlar harbiy harakatlar bilan bir qatorda iqtisodiy tashabbuslarni ham olib borish muhimligiga urg'u beradi.

Richard Xolbrukning aytishicha, harbiylar ertami-kech mamlakatni tark etadi, ammo noharbiy yordam hali uzoq davom etadi.

Bundan tashqari uning fikricha, korrupsiyani yemirish, qishloq xo'jaligini jonlantirish, adliya tizimini kuchaytirish, qoradoriga qarshi kurashish zarur.

Xolbruk boshchiligidagi mutaxassislar guruhi ana shu vazifalar bilan shug'ullanadi. Guruhga AQShning to'qqiz vazirligidan ekspertlar kirgan. Ulardan biri Otto Gonsales qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha maslahatchi.

Uning aytishicha, Afg'oniston agrar davlat bo'lgani uchun, uning iqtisodiy barqarorligi qishloq xo'jaligi sohasiga bog'liq.

"Suv manbalarini yaxshilab, irrigatsiyaga ham e'tibor qaratish kerak," deydi u.