Janubiy va Shimoliy Koreya o'zaro diplomatik taranglik tufayli bir yildan beri yopiq turgan chegaraning bir qismini ochishga qaror qilgan. Shimoliy Koreya hududida joylashgan va ikki davlat tomonidan yuritiluvchi Keyson sanoat majmuasi yana ishga tushgan.
Bu haqda Janubiy Koreyaning shimol bilan aloqalariga javob beruvchi vazirligi ma'lum qilgan.
Vazirlik vakiliga ko'ra, bugundan boshlab tomonlar chegara orqali Keysonga kuniga 23 martagacha o'tishi mumkin bo'ladi.
"Bu oldingidan 6 marotaba ko'p. Shimoliy Koreyaning Kumgan tog'laridagi qo'shma kurort zonasiga esa kuniga 4 martagacha o'tishga ruxsat berilgan," deydi u.
Ikki tomonlama aloqalar Janubiy Koreyada yangi prezident saylangandan so'ng turg'un holatga kelib qolgan edi. Li Myon Bak rasmiy Pxenyan atom dasturidan voz kechmaguncha shimolga yuzlab million dollar hajmda beg'araz yordamni to'xtatgan edi.
Bu shimol g'azabini keltirib, chegaraning yopilishiga va Keyson sanoat kompleksi ishining turib qolishiga sabab bo'lgan edi. Biroq yaqinda Shimoliy Koreyaning o'zi janub bilan aloqalarni tiklashga qadam qo'ya boshlagan.
110 ga yaqin Janubiy Koreya kompaniyalari ishlovchi Keysonda 40 ming atrofida shimoliy koreyalik ishlaydi. Ular atir-upa va sport kiyimlari kabi mollar ishlab chiqaradi.
Majmua rahbari Pak Yan Menning aytishicha, chegaraning qayta ochilishi ijobiy hol, chunki mijozlardan ko'p buyurtmalar tushgan.