Barak Obama ma'muriyati Eron hukumatining yadro dasturi bo'yicha yangi takliflarini ko'rib chiqishga tayyor ekanini aytmoqda. Kecha rasmiy Tehron yirik davlatlar bilan muzokaralarni jonlantirish taklifini o'rtaga tashlagan.
Davlat departamentiga ko'ra, hozircha na Qo'shma Shtatlar va na boshqa davlatlar Eron taklifini olgan. Ammo muzokaralarni yangilash g'oyasini qo'llab-quvvatlaymiz, deydi rasmiylar.
Aprel oyida AQSh, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zolari va Germaniya Eronga iqtisodiy va boshqa turdagi yordamni taklif qilib, uni yadro dasturidan qaytarishga urinib ko'rgan. Tehronga muzokaralarga qaytish uchun shu oy oxirigacha muhlat berilgan edi. Aks holda AQSh va Yevropa davlatlari unga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi haqida ogohlantirgan.
Kecha Eronning yadro masalalari bo'yicha muzokarachisi Said Jaloliy Eron bir qator takliflar ishlab chiqqanini aytib, muzokaraga tayyormiz degan.
Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kelli takliflar hali olinmagan, biroq jiddiy ravishda ko'rib chiqiladi deydi.
"Har qanday taklifni o'zaro hurmat ruhida o'rganib chiqamiz. Tehronning yuzma-yuz muloqot taklifini ham qo'llab-quvvatlaymiz. Eron bilan har qanday muloqot uni xalqaro qonun doirasiga qaytarishga yordam berib, atom dasturining tinch maqsadlarda ekaniga ishonchni kuchaytiradi," deydi Kelli.
Bugun Germaniyaning Frankfurt shahrida 5+1 guruhi diplomatlari Eronga nisbatan qanday sanksiyalar qo'llashni muhokama qilgan. Masala shu oy Nyu-Yorkda bo'ladigan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
Davlat departamenti vakiliga ko'ra, Eronning hozirgi harakati xalqaro hamjamiyatni sanksiyalarni kuchaytirish masalasida bo'lib qo'yishga qaratilgan manyovr bo'lishi ham mumkin.
Ian Kelli so'zlariga isbot tariqasida o'tgan hafta Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik hisobotida Eron yadro dasturini kengaytirmoqda degan xulosaga ishora qilgan.
Ba'zi AQSh qonunchilari Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejodga BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun viza bermaslikni talab qilib keladi, biroq, deydi Davlat departamenti rasmiysi, Qo'shma Shtatlar BMTga mezbon davlat sifatidagi majburiyatlaridan chetga chiqmaydi.