Bugun Afg'oniston shimolidagi Qunduz viloyatida NATO yonilg'i solingan ikki yuk mashinasini olib qochgan jangarilarni nishonga olgan. Kamida 90 kishi o'lgan, jumladan oddiy fuqarolar, deydi mahalliy rasmiylar. Alyans buni tekshirmoqda va oddiy fuqarolar o'lganini taftish qilishini aytmoqda. NATO raketasi toliblar benzovozlarni Tojikiston cheragasi yaqinidagi bir qishloqqa olib borib, benzinni mahalliy aholiga ulashayotgan payt kelib tushgan.
Pentagon rahbariyatiga ko'ra, Barak Obama ma'muriyatining Afg'oniston bo'yicha strategiyasi hali to'laligicha kuchga kirgani yo'q, ammo jamoatchilikning Afg'onistondagi urushga munosabati tobora salbiy tomonga og'moqda.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, Tolibon va al Qoidani mag'lub qilishga qaratilgan yangi strategiya albatta muvafaqqiyat keltiradi. Biroq ijtimoiy so'rovda ishtirok etgan amerikaliklarning yarmi urushdan foyda yo'q degan fikrda. Geyts AQSh va NATO qo'shinlari vaziyatni qo'ldan chiqarayotgani haqidagi qarashlarni inkor etgan holda yangi siyosat samarasini namoyish etish uchun vaqt cheklangan ekanini tan oladi.
"Sakkiz yildan beri davom etayotgan urushda amerikaliklar o'g'il va qizlarini yo'qotayotgani afsuslanarli hol albatta. Kelasi bir necha oy ichida prezidentning yangi strategiyasi ish berishini ko'rsatishimiz zarur," deydi mudofaa vaziri.
Strategiya iyun oyida AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlariga qo'mondon etib tayinlangan general Stenli Makkristal tomonidan qayta ko'rilib, shu hafta Oq uy va NATOga taqdim etilgan. Hujjat maxfiy bo'lib, uning mazmuni sir saqlanmoqda. Ammo tahlilchilar unda qo'shimcha askar va pul so'ralishi turgan gap demoqda.
"Strategiya ish berishi uchun barcha resurslar yetarli bo'lishi lozim. Biz hozir buning ustida ishlamoqdamiz. Natijasini vaqt o'tgandan so'ng ko'ramiz," deydi Geyts.
AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Myullen Afg'onistonda vaziyat og'irlashmoqda, ammo tez orada keskin o'zgaradi deya ishontirmoqda.
"Ayni damda vaqt bizga qarshi ishlayapti. Buni tushungan holda tashabbusni qayta qo'lga olamiz degan umiddaman," deydi admiral.