Bugun Afg'oniston saylov komissiyasi 7 noyabrda prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi bo'lishi haqida qaror chiqargan. Prezident Hamid Karzay 50 foizdan ko'p ovoz ololmaganini tan olishga majbur bo'lib, vatandoshlarini kelasi oy yana saylovlarga chiqishga da'vat etgan.
BMT ishtirokida tuzilgan saylov shikoyatlarini taftish qiluvchi komissiya Karzay uchun berilgan ovozlarning uchdan bir qismini soxta deb bekor qilgach, uning raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdullada prezidentlikka yangi imkoniyat tug'ildi.
Hamid Karzay xalqqa murojaatida olg'a qadam qo'yish kerak deb, xalqaro hamjamiyatdan saylovlarning ikkinchi bosqichi davrida xavfsizlikni ta'minlashda yordam so'ragan.
Prezident Barak Obama Karzayning komissiya qaroriga qarshilik ko'rsatmay uni qabul qilganini olqishladi.
Afg'onistonda Karzay bilan uchrashgan AQSh Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri ham bu borada ijobiy fikr bildirgan.
"Xalqaro hamjamiyat saylovlarning ikkinchi bosqichini o'tkazishda yordamini ayamaydi. Bu oson bo'lmaydi, ammo shashtimizdan qaytmaymiz," deydi Kerri.
AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, saylov jarayoni Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyaning qabul qilinishini kechiktirmoqda.
"Bu strategiyaning eng muhim qismi. Mamlakat tepasida kim bo'lishini bilmay turib, olg'a qadam tashlab bo'lmaydi," deydi Klinton.
Biroq AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts nazarida Afg'onistonda hokimiyat tepasiga kim kelishidan qat'iy nazar Qo'shma Shtatlar u bilan hamkorlik qilishi kerak va strategiya bo'yicha qarorni tezlashtirish lozim.
"Bularning barchasini bir vaqtning o'zida qilish mumkin. Albatta saylovlarda qonunbuzarliklar bo'lmay, prezidentlik masalasi sentyabr boshidayoq hal bo'lganida yaxshi bo'lar edi. Hozirgi vaziyatdan chiqish yo'lini topish kerak," deydi Geyts.
Afg'oniston muammolari faqat saylovlardagi qonunbuzarliklar bilan cheklanmaydi. Korrupsiya keng quloch yozgan, yangi hukumat xalq ishonchini qozonishga harakat qilishi zarur, deydi AQSh mudofaa vaziri.
"Hozirgi jarayon evolyutsion bo'lib, vaziyat biz uchun muammolidir. Qo'shma Shtatlar va xalqaro hamkorlar Afg'onistonning yangi hukumati bilan hamkorlikni yo'lga qo'yib, unga korrupsiyadan xoli bo'lishga yordam beradi," deydi Geyts.
Barak Obama ma'muriyati Afg'onistonga qo'shimcha kuchlar yuborish masalasi bo'yicha bir to'xtamga kelmagan. Qaror bir necha hafta ichida qabul qilinishi aytilmoqda. AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal 40 ming askar so'ragan.