Yevropa Ittifoqi Afg'onistonga yordamni oshirmoqchi

Bugun Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Afg'onistonga iqtisodiy yordam strategiyasini muhokama qilib, yiliga bir yarim milliard dollarlik yordam ko'rsatishga kelishib olgan. Yevropa vazirlari Afg'oniston hukumatining siyosiy islohotlar, davlat boshqaruvi va demokratik institutlarni rivojlantirish borasidagi harakatlarini qoniqarsiz deya baholagan.

Prezident Barak Obama Afg'onistonda AQShga qarashli ikki harbiy vertolyot qulashi oqibatida halok bo'lgan 14 amerikalik askarni yodga olib, ular vatani uchun jon berdi degan. Prezidentning tanqidchilari esa Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyani tezroq qabul qilish kerak, Barak Obama ko'p o'ylanmoqda deydi.

Florida shtatidagi harbiy-dengiz bazasida AQSh askarlari oldida nutq so'zlagan prezident Obamaning aytishicha, harbiylar jangovar zonalarga zarurat tug'ilgandagina yuboriladi. Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish haqida bir qarorga kelingani yo'q, deydi u.

"Askarlar hayotini xavf ostiga qo'yish borasida qaror qabul qilishda shoshma-shosharlikka o'rin yo'q. Qo'shinlar aniq vazifa va maqsadlarga, ularni amalga oshirish uchun yetarlicha qurol-yarog' va madadga ega bo'lishi zarur," deydi Obama.

Prezident qarorini bir necha hafta ichida ma'lum qilishini aytmoqda. Ba'zi manbalarga ko'ra, Oq uy Afg'onistonda saylovlarning 7 noyabrga belgilangan ikkinchi bosqichi natijalariga qarab ish ko'rmoqchi.

AQSh va NATO kuchlarining Afg'onistondagi qo'mondoni general Stenli Makkristal 40 mingga yaqin qo'shimcha askar so'ragan. Aks holda mag'lub bo'lamiz deydi.

AQSh Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri ta'biricha esa, general haddan tashqari ko'p askar so'ramoqda. Hozir buning vaqti emas, deydi senator Kerri.

"Afg'onistonda qanday hukumat bo'ladi, taraqqiyot ishlari bundan keyin qanday olib boriladi, bu borada ma'lumot yetarli emas va bu komponentlarsiz jangarilar ustidan g'alaba qozonib bo'lmaydi," deydi qonunchi.

Jon Kerri asosiy diqqatni afg'on armiyasi va politsiyasi tayyorgarligini oshirishga qaratishni tavsiya qilmoqda.