AQSh diniy erkinliklar bo'yicha xalqaro hisobot chop etdi

AQSh Davlat departamenti jahon bo'ylab diniy erkinliklar mavzusida yillik hisobot chiqardi. Unda ba'zi davlatlarning dinni himoya qilish bahonasida so'z erkinligini cheklayotgani tanqid qilinadi. Xususan Islom konferensiyasi tashkilotining BMT doirasida ushbu yo'nalishdagi harakatlari. Hisobotda O'zbekistondagi ahvol ham tilga olinadi.

Davlat departamentiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar har bir din, xususan islom an'analarini oyoq-osti qiluvchi harakatlarni qoralaydi.

Biroq, deyiladi yillik hujjatda, Islom konferensiyasi tashkiloti dinni himoya qilish bahonasida diniy mavzudagi bahsu-munozaralarni cheklamoqchi.

Tashkilot BMT Bosh Assambleyasi va BMT Inson huquqlari kengashida dinga nisbatan tuhmatni man etuvchi rezolyutsiya qabul qilinsin deya da'vat etmoqda.

Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar diniy sabablar asosida kamsitish va ta'qiblarga qarshi, ammo shu bilan birga muammoni so'z erkinligini cheklash orqali hal etish harakatlariga ham qo'shilmaydi.

"Dinga hurmatsizlik ko'rsatayotganlar so'z erkinligini cheklash va ularni dinga qarshi ma'ruzalari uchun jazolash o'rniga bir qator qonunlarni ishga solgan afzalroqdir. Masalan, kamsitish va adovat bilan bog'liq jinoyatlardan himoya qilish borasida. Hukumat ozchilikdagi diniy guruhlar bilan faolroq hamkorlik qilishi lozim," deydi Klinton.

Kongress buyrug'iga ko'ra tayyorlanadigan hisobotda 189 davlatdagi diniy ahvolga munosabat bildiriladi.

Masalan, Eronda hukumatning shia bo'lmaganlarni kamsitish hollari yoki Shimoliy Koreyada diniy erkinlikning bo'gilgani haqida batafsil ma'lumot berilgan.

Prezident Obama kelasi oy Xitoyga borishga tayyorgarlik ko'rar ekan, davlat kotibining demokratiya va inson huquqlari bo'yicha muovini Maykl Poznerning aytishicha, Xitoyda buddist tibetliklar va musulmon uyg'urlarni ta'qibga olish amaliyoti davom etmoqda.

Pozner Saudiya Arabistonidagi vaziyatni ham ayanchli deb atagan, holbuki AQSh Saudiya qiroli Abdullaning e'tiqodlararo muloqotga qaratilgan tashabbuslarini qo'llab-quvvatlaydi.

"Agar musulmon bo'lmasangiz qirollikda o'z diningizga erkin e'tiqod qila olmaysiz. Odamlarning shaxsiy hayotiga aralashuvchi diniy politsiya hamon faoliyat ko'rsatmoqda," deydi Pozner.

AQSh Davlat departamenti hisobotida Birma, Venesuela va Kuba kabi mamlakatlar ham tashvish bilan tilga olingan. O'zbekiston ham bundan mustasno emas. O'zbek xalqi boshqa din va millat vakillariga nisbatan bag'rikeng bo'lsada, hukumat buning aksidir, deyiladi hisobotda.

Konstitutsiya diniy erkinlikni ta'minlasada, amalda musulmonlar ham, boshqa din vakillari ham ta'qib etiladi. Mamlakatda diniy faoliyatni cheklovchi qator qonunlar qabul qilingan. Minglab musulmonlar turli diniy oqimlarga aloqadorlikda ayblanib, qamoqqa tashlangan. Ayblovlarning aksariyati soxta, deyiladi AQSh Davlat departamentining jahon bo'ylab diniy erkinliklar mavzusidagi yillik hisobotida.