Afg'onlar mamlakatdagi o'zgarishlardan qoniqqan

Afg'onistonda o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, afg'onlarning katta qismi mamlakat to'g'ri yo'ldan ketmoqda, biroq xavfsizlik va korrupsiya muammolari hali ham keng ko'lamda degan fikrda.

AQShning Osiyo Jamg'armasi deb ataluvchi nodavlat tashkiloti o'tkazgan so'rovda Afg'onistonning barcha 34 viloyatida yashovchi jami 6400 dan ziyod kishi ishtirok etgan.

Jamg'arma xodimi Sunil Pillaining aytishicha, ahvol yaxshilanmoqda deganlar asosan xavfsizlik va tiklanish ishlarini nazarda tutgan.

"Vaziyatdan qoniqmaganlar esa korrupsiya va zo'ravonliklarni asosiy sabab qilib ko'rsatgan," deydi mutaxassis.

Tolibonlar bilan janglar faol hududlarda yashovchi respondentlar bilan ancha tinch viloyatlardagi odamlar javoblari bir-biridan farq qiladi.

So'rov natijalari shuni ko'rsatadiki, tobora ko'proq afg'onlar iqtisodiy vaziyatdan qoniqmoqda. Qishloqlarda ham, shaharlarda ham so'ralganlar iqtisodiy hayoti oldingi yillarga qaraganda ancha yaxshi ekanini aytadi.

Ba'zilar elektr ta'minoti cheklangan desa, boshqalar umuman elektr quvvatidan mahrummiz deydi.

Sunil Pillaining aytishicha, odamlar kundalik ehtiyojlarini, masalan, suv, yo'llar, ishsizlik va elektroenergiyani xavfsizlikdan ustun qo'yadi.

Afg'onlarning demokratiyaga ishonchi so'nib bormoqda. 2006 yilda so'ralganlarning 84 foizi demokratiyani davlat boshqaruvining eng yaxshi usuli degan bo'lsa, bugunga kelib bu raqam 78 foizga tushgan.

So'rov afg'onlarda bolalar va ayniqsa qizlar uchun ta'lim olishga imkoniyat paydo bo'lganidan qoniqishni ko'rsatmoqda.

Mahalliy politsiyaga ishonch kuchaymoqda, deydi Sunil Pillai.

"Politsiyachilar ishini halol bajarmoqda va xavfsizlikni ta'minlashga tayyor degan fikr ommaviylashmoqda," deydi u.

Prezident Barak Obama Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyani siyosiy va harbiy maslahatchilari bilan muhokama qilishda davom etar ekan, "Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, hujjatda Afg'onistonning aholi eng ko'p yashovchi 10 markazini himoya qilishga urg'u beriladi. Bu AQSh harbiylari chekka va qishloq joylardan shaharlarga ko'chirilishi deganidir, deb yozadi gazeta.