1989 yil 9 noyabr – Sharqiy Germaniyadagi kommunistik tuzumga yakun yasagan, Sovuq urush nishonasiga aylangan to’siq olib tashlangan, qariyb 30 yil bir-biridan ajralgan ayni xalq birlashgan kun.
Yevropa yuragida joylashgan Berlin shahri bugun uch yarim million aholiga ega megopolis. Yarim asr oldingi voqealar unutilgani yo’q.
1945 yilgi Yalta shartnomasiga muvofiq natsizm ustidan g’alaba qilgan ittifoqchi kuchlar Germaniyani to’rt zonaga - AQSh, Britaniya, Fransiya va Soviet Ittifoqi nazoratidagi hududlarga, xarobaga aylangan Berlin shahrini ham to'rt sektorga bo’lib tashlaydi.
Urushdan keyingi yillar mobaynida sovetlar va kapitalistik Yevropa o’rtasida qarama-qarshilik avj olar ekan, 1949 yilga borib Germaniya g’arbu-sharqqa bo’linib qoladi.
“Berlin bu davrda sovetlar nazoratida bo’lsada, Moskva va uning Germaniyadagi kommunist ittifoqchilari nigohida kapitalizm va g’arbcha hayot tarzini aks ettirgan bir hudud edi”, - deydi tarixchi Frederik Teylor.
“1952 yilda Germaniyaning sharqiy va g’arbiy qismlari o’rtasida sim tortiladi. Mamlakat ikkiga bo’linsa-da, Berlin harbiy nizom asosida idora etiluvchi shahar bo’lib qolaverdi. Har yoqda harbiylar, tekshiruv puntklari, shaharning har ikki chekkasiga bordi-keldi nisbatan oson edi”.
Bu degani kommunistik tuzum ostidagi yopiq, repressiv siyosatdan, qashshoqlikdan charchagan xalq hamon chegaraning narigi tomoniga o’tib, yangi hayot boshlash imkoniga ega edi.
Tarixchi so’zlariga ko’ra, 1949-1961 yillarda Germaniya Demokratik Respublikasi 17 million aholidan 2,5 millioni, jumladan ziyolilar, kasb-hunar egalari, malakali mutaxassislarni g’arbga boy berdi. Kommunistik hukumat bir chora ko’rishi kerak edi.
GDR rahbariyati odamlar oqimini to’siq barpo etib to’xtatishga qaror qiladi. 1961 yil 12 dan 13 avgustga o’tar kechasi harbiylar Berlinning sharqiy va g’arbiy qismlari o’rtasiga tikan sim tortadi.
“12 soat ichida Berlin devori fundamenti yotqizib bo’lingan edi”, - deydi Frederik Teylor, bu borada kitob bitgan olim. “Yog’och va harbiy jihozlar bilan to’silgan ko’chalar, ikkiga bo’lingan oilalar, mahalla va jamoalar”.
“Bir kechada minglab odamlarning hayot tarzini ostin-ustun qilgan siyosiy qaror edi bu. O’sha kechasi qayerda bo’lmang tezda bir qarorga kelishga majbur edingiz – g’arbda yoki sharqda qolish”, - deya vaziyatni tasvirlaydi Teylor.
Oradan bir hafta o’tmay 110 kilometrli devor qurilishi boshlab yuborildi. Atrofida 300 dan ortiq nazorat vishkasi, minalar, avtomatik qurollar.
Tashqi dunyodan uzilgan, umidlari parchalangan sharqiy germaniyaliklar kelasi 30 yil erkinlikka talpinib yashadi. Xoh devor oshib, xoh uning ostidan handak qazib bo’lsin, deydi Frederik Teylor, odamlar devor narigi tomonida o’tib olish uchun tavakkal qilishga ham tayyor edi.