NATO Afg'onistonga 5 ming qo'shin jo'natmoqchi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning Kongressda qonunchilarga aytishicha, Amerika ketidan NATO davlatlari ham Afg'onistondagi missiya uchun qo'shimcha askar va'da qilmoqda. Klinton ittifoqchilar bilan muloqot qilish maqsadida bugun Bryusselda.

"NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan muloqot chog'ida ayrim aylans a'zolari koalitsiya tarkibidagi ulushi va moliyaviy hissasini ko'paytirmoqchi ekanini o'rgandim. Biz maxsus jamg'arma tuzib, undagi mablag'larni afg'on armiyasi va politsiyasi ehtiyojlari uchun sarflashni rejalamoqdamiz", - deydi Xillari Klinton.

O'tmishda Daniya bosh vaziri bo'lgan Rasmussen NATO 5 mingga yaqin qo'shimcha harbiy ajratishga tayyor deydi. NATO bu boradagi qarorini kelasi hafta Belgiyadagi majlisdan so'ng rasman e'lon qilmoqchi. Hozircha Polsha 600, Britaniya esa 500 nafar qo'shimcha askar yuborishi ma'lum. Ispaniya, Italiya, Finlyandiya ham shunday niyatda ekanini aytmoqda. Fransiya bilan Germaniya esa yanvarda Londonda Afg'oniston bo'yicha bo'ladigan xalqaro anjumandan so'ng qarorini ma'lum qilishini bildirgan.

Ayni damda Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda 70 mingga yaqin qo'shinga ega. Prezident Obama yana 30 ming askar jo'natiladi degan. NATO va boshqa davlatlardan esa 40 mingga yaqin zobit xizmat qilmoqda.

Britaniyalik tahlilchi Robin Sheferd nazarida Afg'oniston urushi Yevropa rahbarlarini siyosiy tomondan qiyin ahvolga solib qo'ygan.

"Ular AQSh ma'muriyati iltimoslariga yo'q deyolmay qo'shin yubormoqda. Yevropa aholisi esa urushga qarshi. Rahbarlar ikki o't orasida qolgan", - deydi mutaxassis.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristalning aytishicha, NATO afg'on harbiylari tayyorgarligi bilan shug'ullanmoqda.

"NATO a'zolari oldingiday chetda turmay, bu haqiqatdan koalitsiya ekanini amalda isbotlamoqda", - deydi AQSh generali.