AQShda o’tgan oy ishsizlik sur’ati bir oz sekinlashgan. Noyabrda taxminan 11 ming odam ishidan ayrilgani aytilmoqda.
Kuz boshida bu raqam yuz mingdan oshiq edi. Iqtisodchilar nazarida bu – vaziyat yaxshilanayotganidan nishona.
Mazkur raqamlar ham AQSh xalqi, ham prezident Barak Obama uchun xush xabar.
Kecha Obama Vashingtonda “mehnat forumi” o’tkazib, xususiy sektorga murojaat qilgan, ish o’rinlari yaratishda davlat bilan birga ishlang, deb da’vat etgan. Millionlab amerikaliklarni ish bilan ta’minlash kerak, deydi prezident.
2007 yildan beri Qo’shma Shtatlarda 7 million fuqaro ishidan ayrilgan. Ammo iqtisodiyot oxirgi ikki-uch oyda qaddini rostlay boshladi, ishlab chiqarish, savdo yana jonlanmoqda. Biroq aynan ishsizlik pand berishi mumkin.
Oq uyda mehnat forumida so’zlar ekan, Barak Obama muammoni hal qila oladigan har qanday oqil, zukko yechimni tinglashga tayyorman, dedi. Ortiqcha kutib o’tirishga vaqt yo’q, deydi u.
Tahlilchilar kelasi yil ish o’rinlari yana ko’paya boshlaydi, deb taxmin qilmoqda. Ta’lim, sog’liqni saqlash, biznes kabi sohalarda vaziyat yaxshilanmoqda.
Ba’zilar nazarida prezident Obama yuritayotgan iqtisodiy siyosat samarasiz. Hukumat moliyaviy tanazzuldan chiqish uchun 787 milliard dollarlik dastur boshlagan. Vaholanki, bu vaqt ichida uch million odam ishidan ayrilgan, deydi iqtisodchi Kevin Xasset. Pul betartib isrof qilinmoqda, deydi u.
Mutaxassis Xyu Jonson fikricha, moliyaviy yordam dasturi samara berishi uchun bir necha oy kutish kerak. Kelasi yil o’zgarish bo’ladi, deydi u.