Turkiya Konstitutsion sudi kurdlarga aloqador mamlakatdagi yirik partiya faoliyatini man qilgan. Sud nazarida Demokratik jamiyat partiyasi zo'ravonlikni yoqlab, bir necha mamlakat tomonidan terrorchi tashkilot deya belgilangan Kurdiston Ishchilar partiyasi jangari guruhi bilan aloqada bo'lgan. Demokratik jamiyat partiyasining ikki rahbari esa siyosatdan 5 yilga chetlatilgan.
Konstitutsion sud hukmini uch kunlik munozaradan so'ng yakdillik bilan chiqargan. Sudyalar nazarida guruh adovat va zo'ravonlikni qo'zg'atgan.
Sud raisi Hasim Killijning aytishicha, hech bir partiyaga terror, zo'ravonlik va bosimdan iborat faoliyat bilan shug'ullanish huquqi berilmagan.
"Partiyalar siyosatga qo'shilmagan taqdirda ham noroziligini tinch yo'l bilan ifodalashi zarur", - deydi huquqshunos.
Partiyaning ikki rahbari, amaldagi qonunchilar Ahmet Turk va Aysel Tug'luk hamda yana 35 a'zosi 5 yilga siyosiy faoliyat bilan shug'ullanish huquqidan mahrum etilgan. Bu esa Turk va Tug'luk parlamentdan chiqariladi degani. Ahmet Turk yaqinda agar partiyasi yopilsa, uning parlamentdagi barcha 21 deputati qonunchilik organini tark etadi, deya ogohlantirgan edi.
"Bu vaziyatni yanada og'irlashtiradi. Partiya faoliyatini to'xtatib, muammoni hal etib bo'lmaydi. Ularga muloqot orqali yechim qidirish kerak", - deydi Demokratik jamiyat partiyasi rahbari.
Konstitutsion sud raisi bu qaror ma'lum oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunadi.
"Hukumat Kurdiston Ishchilar partiyasi bilan 25 yillik mojaroni tugatishga harakat qilayotgan bir paytda sud qarori, ba'zilar nazarida, bu jarayonga pand berishi mumkin, biroq, deydi sud raisi, mazkur ish 2 yildan beri ko'rilmoqda va bizning ishimiz siyosat emas, qonun bilan shug'ullanish. Yevropadagi hech bir davlat bu kabi partiya faoliyatiga ruxsat bermagan bo'lardi", - deydi Hasim Killij.
Uning aytishicha, sud bu ishni ko'rayotib Yevropada shunga o'xshash misollarni o'rgangan. Biroq, deydi ayrim kuzatuvchilar, Yevropa Ittifoqi Turkiya sudining bu qarorini etnik ozchilikdagi kurdlarga qarshi qaratilgan deya tanqid qilishi mumkin.