Turkmanistonda “Markaziy Osiyo-Xitoy” gaz quvuri ishga tushgan. Mintaqaviy energetik hamkorlik so'nggi paytda O'zbekiston va Turkmaniston hukumatlarini bir-biriga yaqinlashtirgan.
Biroq ikki xalq o'rtasidagi aloqalar, ularning haq-huquqlari bilan bog’liq ahvol hamon og'ir. Ma'lumotlarga ko'ra, shu kungacha 60 dan ziyod xorazmlik turkman chegarachilari o'qidan halok bo'lgan.
Sharhlovchilarning aytishicha, Turkmaniston-O'zbekiston-Qozog'iston-Xitoy gaz quvurining ishga tushishi mintaqa energoresurslari eksportida yuzaga kelgan birinchi alternativ yo'nalish sifatida muhim.
“Markaziy Osiyo orqali Xitoyga o'tadigan energetik quvurni XXI asrning muhim loyihasi deyish mumkin. Chunki bu loyiha mintaqa davlatlarini Rossiya ta’siridan qutqarishi mumkin. Bu loyihalarning amalga oshishiga Rossiya to'sqinlik qilishga urunib ko'rdi. Men “Gazprom” va Turkmaniston o'rtasida o'tgan mojarolarni nazarda tutayamman. Chunki, Turkmaniston mintaqaning energetik jihatdan eng boy davlati”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
Gaz quvurlarining O'zbekiston hududidan o’tuvchi 500 kilometrlik qismi sal oldin yakunlangan edi. Turkman gazi tranziti O'zbekiston va Qozog'iston uchun ham ancha daromadli bo'lishi ta'kidlanmoqda.
Sharhlovchilar nazarida o'zbek-turkman xalqlari o'rtasida aloqalar og'irlashayotganiga qaramasdan so'nggi paytda energetik hamkorlik bois hukumatlar munosabati ancha qalinlashgan.
“Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov Tukrmanistondagi o'zbeklar haq-huquqlari haqida gapiradi.
“Turkmaniston va O'zbekiston prezidentlari uchrashayapti, bu uchrashuvdan o'zbeklar ko'proq natijalar kutishayapti deyish mumkin. Turkmaniston prezidentining va'dalariga to'xtalmoqchi edim. U Turkmanistondagi o'zbeklarni yana qayta davlat ishlariga jalb etish, o'zbek maktablari ochish, o'zbek tilida gazeta-jurnallar chiqishi haqida gapirgan edi. Biroq bu va'dalar hamon bajarilmadi. Chegaradagi bordi-keldi og'irligicha qolmoqda. O'zbekiston tomonida faqat uchta o'tish joyi bor, odamlar 70-80 chaqirim yurib chegaraga kelish kerak. Bir tomonlama o'rnatilgan 8 dollarlik viza to'lovi ham aholi uchun og'ir. Shundan voz kechilganda odamlarga ancha yordam bo'lardi”, - deydi Xorazmdagi “Najot” tashkiloti rahbari.
Turkmanistonda Qurbonguli Berdimuhammedov va Islom Karimovlar qo'shma bayonot imzolagan. Shuningdek, chegara hududida yashovchi aholi qatnovini yengillashtirishga qaratilgan bitim ham ma’qullangan.
O'zbekiston-Turkmaniston chegarasi yopiq, qattiq nazoratda, bordi- keldi viza orqali amalga oshadi. Ayrim joylarda bir oila a'zolarini chegara simlari ajartib qo'ygan. Hozirgacha o'nlab fuqarolar chegachilar o'qidan halok bo'lgan.
“Bizning tashkilotimizga kelayotgan ma'lumotlarga ko'ra, 1993-2009 yillar orasida 66 kishi chegarada o'lgan. Bular faqat xorazimliklar, bizga ma'lum bo’lganalri. Oxirgi paytda turkman chegarachilari o'zlarining fuqarolarini ham otish hollari ko'paygan. Bu o'sha marhum Saparmurod Niyozov davrida amalga kirgan ish, hozirgacha davom etib kelayapti”, - deydi Hayitboy Yoqubov.