Tahlilchilar: Lavrovning tashrifi oradagi sovuqlikni yumshatsa, ajabmas

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qilgan. Uchrashuvda ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar, xalqaro miqyosdagi hamkorlik muhokama qilingani ta'kidlanadi.

Sharhlovchilar nazarida rasmiy Toshkent Kreml yetakchiligidagi tuzilmalardan uzoqlashishda davom etmoqda. Ikki tomonlama aloqalar ham maqtovli darajada emas. Yechimini kutayotgan ziddiyatli masalalar talaygina, deydi kuzatuvchilar.

O'zbekiston va Rossiya ziddiyati ikki tomonlama emas, ko'p tomonlama munosabatlarda namoyon bo'ladi. Sharhlovchilar fikricha, Kreml uchinchi davlatlar orqali bosim o’tkazish siyosatiga sodiq qolmoqda. Toshkent Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlardan uzoqlashayotgani ham shu bilan izohlanadi.

“Masalan, oxirgi paytdagi voqealarni oling. O'zbekiston bilan Tojikiston o'rtasidagi kelishmovchiliklar, O'zbekiston-Qirg'iziston ixtilofi, Rossiyaning Qirg’izistonda harbiy baza ochish rejasi... Rossiya qanday tashkilotlar tuzmasin, undagi a'zolarning hammasi teng huquqli deyish bu - yolg'on”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi ma’lumotiga ko'ra, Sergey Lavrov Toshkentda ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan.

Bu orada O'zbekiston Rossiyaga aloqador guruhlardan chetroqda yurishni ma’qul ko’rmoqda. 19 dekabr kuni Qozog'istonda MDH davlatlari, ayrim xabarlarga ko'ra, Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatining norasmiy sammiti o'tgan. Unda Armaniston va Turkmaniston prezidentlari ham qatnashgan. O'zbekiston tomoni anjumanda ishtirok etmadi.

Sammitda Belarus, Rossiya va Qozog’iston o’rtasida yagona bojxona ittifoqi muhokama qilindi. Taxminlarga ko’ra, 2010 yilda bojxona ittifoqi ishga tushgach, 2012 yilga borib Yagona iqtisodiy hudud yaratilishi kerak. Belarus, Rossiya va Qozog'iston o'rtasidagi iqtisodiy integratsiyaning qanchalik samarali, unumli bo'lishi haqida mulohazalar turlicha.

“Bojxona ittifoqini tuzish albatta turli tashkiliy muammolardan xoli bo'lmaydi. Rossiya baribir boshqa davlatlarni ham bu ittifoqqa qo’shib olishga harakat qiladi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Bojxona ittifoqiga keyinchalik Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatining boshqa a'zolari - Qirg'iziston, Tojikiston ham qo'shilishi ko'zda tutilgan. O'zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatini tark etishi Bojxona ittifoqiga taklif etilmagani bilan bog'liq degan qarashlar ham mavjud. Boshqalar buni Rossiya-O’zbekiston aloqalari sovuqlashgani bilan izohlaydi.

Rossiya yetakchiligidagi boshqa bir ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida O’zbekiston alohida maqomini saqlab qoldi. Tashkilot doirasida Tezkor harbiy batal’on tuzishni qo'llab-quvvatlamadi. Rossiyaning Qirg'iziston janubida qo'shimcha harbiy baza ochish qaroriga rasmiy Toshkent keskin qarshilik bildirdi.

“Bu vazirning tashrifida, albatta, ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilinadi. Ehtimol, biror yangilik bo'lishi ham mumkin. Aloqalarni jonlantirish uchun harakat qilinsa kerak. Rossiyaning Qirg’izistondagi harbiy bazasi bo'yicha keskin norozilik aytildi. Ajabmas, Lavrov bilan uchrashuvlarda bu haqda muhokama bo'lsa. Masalan, bazani joylashtirishga ehtiyoj yo'q, qabilida”, - deydi Farhod Tolipov.

Ma'lumotlarga ko'ra, kelasi oy O'zbekiston-Rossiya o'rtasidagi oliy darajadagi uchrashuv Moskvada o'tishi rejalangan.