Prezident Barak Obama "terror xavfiga qarshi zudlik bilan chora ko'rmasak, yangi yildan oldin ro'y bergan holat yana takrorlanishi mumkin" deydi. Rojdestvo kuni nigeriyalik shaxs AQShga uchgan samolyotni portlatishga uringan edi. Raqib respublikachilar Obama ma'muriyatining xavfsizlik bobidagi siyosatini tanqid qilmoqda.
Prezidentning o'zi bu sohada muammolar borligini inkor etmaydi.
"Salohiyatimizni imkon qadar tezroq oshirishimiz kerak, chunki amerikaliklarning hayoti haqida gap ketyapti", - deydi u.
Noyabr oyidagi Kongress saylovlariga hozirdan tayyorgarlik boshlangan ekan, respublikachilar Obama ma'muriyatining bu xatosidan o'z siyosiy manfaatlari yo'lida foydalanishga harakat qilyapti.
AQSh Respublikachilar qo'mitasi raisi Maykl Stilning aytishicha, ma'muriyat o'z kamchiliklarini tan ola bilishi zarur.
"Siyosatining mamlakat tashqarisida ham, ichkarisida ham o'ziga yarasha ta'siri bor. Siyosatni ba'zi-ba'zida baholab, tahlil qilib turish kerak", - deydi Stil.
Virjiniya universiteti siyosiy tahlilchisi Larri Sabatoning aytishicha, jamoatchilik yangi prezident milliy xavfsizlikka tahdidga nisbatan qanday chora ko'ra olishini bilmoqchi.
"Obamaga ko'proq tashqi siyosat yoki xavfsizlik masalalarida tajribasi kam, "ichki" prezident sifatida qarashadi. Hozirgi vaziyatda u o'zini qanday tutishni bilmayapti", - deydi Sabato.
Prezident qat'iy chora ko'rishi kerak bo'lganda sust harakat qildi, deydi u.
Yana bir tahlilchi Richard Vulfning ta'kidlashicha, prezident haqiqiy rahbar ekanini, vaziyat nazorat ostida ekanini ko'rsata olishi, dushmanlariga "hujum qilsangiz, ta'ziringizni yeysiz" degan ma'noda ishora qila bilishi kerak.
Barak Obamaning saylovlarda g'olib bo'lishida iqtisodiy masalalar hal qiluvchi omil bo'lgan, biroq bugunga kelib xavfsizlik yana oldingi planda, deydi vashingtonlik tarixchi Matt Dallek.
"Saylovlarda davlat xavfsizligiga katta e'tibor qaratilmagan. Demokratlar raqiblari hozir xavfsizlikka urg'u berib, oy oxirida prezidentligining bir yilligini nishonlash arafasida turgan Obama nufuzini tushurib yuborishidan xavotirda", - deydi y.
Prezidentligining boshida reytingi o'ta yuqori bo'lgan Obamaga nisbatan jamoatchilik xayrixohligi so'nggi oylarda sezilarli darajada tushgan.
Tahlilchi Larri Sabatoning aytishicha, hozir Obamaning reytingi 50 foizdan ham kamroq.
"Bunga iqtisodiy muammolar sababchi. Ishsizlik ko'tarilmoqda, iqtisodiyot zaiflashmoqda," - deydi Sabato.
Kuzatuvchilar nazarida ba'zilar Obama siyosatini xush ko'rmasa-da, uning shaxsini juda hurmat qiladi.
Vashingtondagi Brukingz instituti tahlilchisi Derrel Vest nazarida boshqa siyosiy rahbarlarga qiyoslaganda Obama xalqqa ishonch ruhini bag'ishlash qobiliyatiga ega.