Gaitida 45-50 ming odam yostig'ini quritgan zilzila jahon bo'ylab qattiq iztirob bilan qarshilangan. Dunyo rahbarlari qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirib, yordam qo'lini cho'zishga va'da bermoqda.
Minglab ko'ngillilar qutqaruv va tiklanish ishlarida ishtirok etish uchun Gaitiga otlanmoqda. Turli mamlakatlar fuqarolari xayriya qilmoqda. Gaitida ichimlik suvi, oziq-ovqat, dori-darmon va palatkalarga ehtiyoj katta. (Gaitidan fotoreportaj)
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Robert Geyts xorij safarlarini uzib, AQSh gumanitar yordamini muvofiqlashtirish uchun Vashingtonga qaytgan.
Prezident Barak Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar zilzila jabrdiydalariga qo'ldan kelgan barcha yordamni berishga tayyor.
"Turli xizmatlarimizga vayronalar ostida qolganlarni qutqarishga va gaitiliklarni gumanitar yordam bilan ta'minalashga ko'rsatma berilgan", - deydi Obama.Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi taxminiga ko'ra, zilziladan uch millionga yaqin kishi jabr ko'rgan, minglab odamlar halok bo'lgan bo'lishi mumkin.
AQSh Kongressi Vakillari Palatasi va Senati ham Gaiti xalqiga hamdardlik bildirib, tirik qolganlarga imkon qadar tezroq yordam berishga chaqirgan.Nyu-yorklik demokrat kongressmen Eliot Engelning aytishicha, kelasi 72 soat minglab odamlar uchun juda muhim bo'ladi.
"Ularni qutqarish kerak, toza suv va oziq-ovqat bilan ta'minlab, har qanday epidemiya va o'marishlarning oldini olish zarur".
AQSh yordamni Xalqaro taraqqiyot agentligi orqali amalga oshirmoqda. Boshqarma rahbari Rajiv Shohning aytishicha, turli agentliklarning bu boradagi ishi muvofiqlashtirilmoqda."Kelasi uch kun ichidagi eng asosiy vazifa - omon qolganlarni vayronalar ostidan qutqarish", - deydi rasmiy.
AQSh qutqaruv missiyasiga muhandislar, aloqa bo'yicha mutaxassislar hamda Port-o-Prens aeroporti xavfsizligi va faoliyatini ta'minlash vazifasi yuklangan kuchlar ham kirgan.
AQSh Qurolli Kuchlari Janubiy Qo'mondonligi rahbari, general Duglas Freyzerning aytishicha, fojia zonasiga harbiy kemalarda qutqaruv vertolyotlari safarbar etilgan.
"Kemalarda cheklangan miqdorda gumanitar yordam ham bor. Ulardan biri tibbiy muolajalar uchun moslashgan. Tez orada minglab AQSh harbiylari ham yuboriladi", - deydi general.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, zilzila Gaitidagi 16 nafar BMT xodimini hayotdan olib ketgan. Ular mamlakatdagi BMT tinchlikparvar missiyasi vakillari edi. 56 nafari jarohat olgan, yana 150 tasi esa bedarak ketgan, jumladan BMT maxsus vakili Xedi Annabi ham. Xabarlarga ko'ra, u halok bo'lgan.
BMT bosh kotibi imkon qadar ko'proq odamlarni qutqarish kerak, deydi.
Kecha Gaitiga safarbar etilgan muxbirimiz Brayan Vagnerning xabar berishicha, Port-o-Prensga ko'plab mamlakatlardan yordam orttirilgan samolyotlar kelmoqda.AQShning Gaitidagi maxsus vakili, sobiq prezident Bill Klinton ham qutqaruv ishlariga bosh-qosh bo'lmoqda.
(Gaitidagi tiklanish va qutqaruv ishlariga moddiy yordam bermoqchi va xayriya qilmoqchi bo'lsangiz, Xalqaro Qizil Xoch veb-saytiga kiring.)