BMT qayta qurish bilan band gaitiliklarga maosh beradi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton bilan Gaitidagi vaziyatni muhokama qilib, tiklanish ishlarida ishtirok etayotgan mahalliy aholini ish bilan ta'minlash xususida kelishib olgan. Klinton o'tgan yili BMTning Gaitidagi maxsus vakili etib tayinlangan edi.

Dushanba kuni Kanadaning Monreal shahrida xalqaro anjuman bo'ladi. BMT Gaitiga favqulodda yordam uchun kelasi olti oyga 550 million dollar kerak demoqda.

AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton bosh kotib bilan muloqotdan so'ng BMTning "ish uchun pul" dasturini boshqarishga rozi bo'lgan. Gaitiliklarga ko'chalarni vayronalardan tozalash ishlari uchun kuniga 5 dollardan to'lash taklif etiladi. Mamlakatdagi og'ir iqtisodiy ahvolni hisobga olganda bu juda ham yaxshi maosh ekani aytilmoqda.

"Bu kabi dasturlar Yaqin Sharq va Afg'onistonda yaxshi natija bergan. Yoshlarni xayrli ishlarga jalb qilishning eng qulay usuli. Gaitiliklar o'z mamlakatini qayta qurishga shay turibdi", - deydi Bill Klinton.

Kecha poytaxt Port-o-Prensda zilziladan jiddiy zarar ko'rgan bandargoh qayta ochilgan. Bundan tashqari yana uch aeroportning ishga tushirilishi aholiga gumanitar yordam yetkazishni osonlashtiradi.

AQSh Qurolli Kuchlari Janubiy qo'mondonligi rahbari general Duglas Freyzerning aytishicha, port orqali kuniga 250 ta konteyner o'tadi.

AQShning Comfort harbiy kemasidagi kasalxona ko'plab odamlarga tibbiy yordam ko'rsatmoqda. Gaiti rasmiylarining aytishicha, tez orada boshpanasiz qolgan yuz minglab aholi poytaxtdan uning tevaragida barpo etilgan palatkali lagerlarga ko'chiriladi.

Rasmiy hisoblarga ko'ra, zilzila oqibatida 200 mingga yaqin kishi o'lgan, uch millionga yaqini, ya'ni Gaiti aholisining uchdan bir qismi yordamga muhtoj.