Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Tolibonning besh sobiq rasmiysini terrorchilar ro'yxatidan o'chirmoqda. Bundan keyin ular xalqaro yo'nalishlarda bemalol sayohat qilishi mumkin bo'ladi. Afg'on hukumati BMTdan zo'ravonlikdan voz kechib, prezident Hamid Karzay hukumatini qo'llab-quvvatlashga rozi jangarilarni sanksiyalardan ozod qilishni so'rab kelgan. Chunki, deydi Afg'oniston rahbari, urushni yolg'iz harbiy kuch bilan yengib bo'lmaydi.
Hamid Karzay ta'biricha, ba'zi toliblarga normal hayotga qaytish uchun sharoit yaratish kerak.
"Terror guruhlariga qo'shilmagan minglab afg'onistonlik toliblar jamiyatga, normal hayotga qaytishi kerak".
Ertaga Londonda Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjuman bo'ladi. Karzay Tolibonga qarshi kurashga qo'shin yuborgan davlatlarga ahvolni yaxshilashga qaratilgan takliflarini ma'lum qilmoqchi.
"Anjumanda toliblarni zo'ravonlikdan qaytarish yo'llari va bunga talab etilayotgan mablag' haqida hamkor davlatlarga o'z qarashlarimizni bildiramiz", - deydi Karzay.
Biroq kuzatuvchilar fikricha, korrupsiyaga botgan afg'on hukumatiga qo'shimcha pul berib bo'lmaydi. Jamiyatning korrupsiya va tanish-bilishchilikdan noroziligi Tolibonga jangarilikka yollashda qo'l kelmoqda.
BMTning narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash idorasi rahbari Antonia Mariya Kostaning aytishicha, korrupsiya beqarorlik va qashshoqlikdan ham kattaroq muammodir.
BMT rasmiysiga ko'ra, korrupsiya hajmi 2,5 milliard dollar atrofida.