Bugun Barak Obama o'tgan yil xulosalari va 2010 yil rejalari haqida Kongressda yillik hisobot beradi. Unda iqtisodiyotga asosiy urg'u berilishi kutilmoqda. Prezident Kongressdan ba'zi ichki dasturlarni uch yilga muzlatishni so'rab, deyarli 1,4 trillion dollarlik byudjet kamomadini bir oz qisqartirmoqchi.
Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Barak Obama iqtisodiyotni tiklash, ish o'rinlarini yaratish, o'rta sinfni kuchaytirishga doir taklif-mulohazalarini bayon qiladi.
"Prezidentligining ilk yilida Obama iqtisodiy ahvoldan kelib chiqib ba'zi qiyin qarorlar qabul qilishga majbur bo'ldi. Ma'ruzada ular ortidagi sabablar kengroq tushuntiriladi. Chunki aynan shu qarorlar prezident reytingining tushganiga sabab bo'lgan bo'lishi mumkin", - deydi Gibbs.
AQSh Konstitutsiyasiga ko'ra, prezident ba'zi-ba'zida mamlakatdagi ahvol haqida Kongressga hisobot berishi lozim.
Oq uy matbuot kotibining aytishicha, yillik amaliyotga aylangan hujjatda, shuningdek, terrorga qarshi siyosat, ichki masalalar, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish kabi mavzular yoritiladi.
Prezident Obama ba'zi qarorlari ommaga yoqmasa-da, mamlakat farovonligi uchun juda muhim, deydi.
"Men ikki muddat o'rta hol prezident bo'lgandan ko'ra, bir muddat yaxshi rahbar bo'lishni istayman", - deydi Obama.
Uning aytishicha, ayrim ichki dasturlarni uch yilga muzlatish bilan kelasi 10 yil ichida 250 milliard dollar tejash mumkin. Mudofaa, faxriylar, ichki xavfsizlik va tashqi yordam dasturlari bundan mustasno.