Xarob, qashshoq, siyosiy beqaror Gaitini tiklash – mushkul vazifa

Xalqaro tashkilotlar Gaitida to’fon mavsumi kelmasidan oldin 1 million odamni qanday qilib boshpana bilan ta’minlash ustida bosh qotirmoqda. Zilziladan omon qolgan aholi hozir palatkalarda jon saqlamoqda.

Ularni kichikroq, ammo sanitariya sharoiti yaxshiroq lagerlarga ko’chirish boshlangan. Gaiti Karib mintaqasida eng qashshoq davlatlardan biri. BMT hisobicha, mamlakatni qayta qurish uchun kamida 10 yil vaqt kerak.

Gaitida chekka joylar u yoqda tursin, poytaxtda oziq-ovqat, dori-darmon va suv yetib bormagan joylar hali ko’p. Biroq Vashingtonda mamlakatni qanday qilib oyoqqa turg’azishga qaratilgan uzoq muddatli rejalar muhokamada.

Respublikachi senator Richard Lugar AQShda yashayotgan gaitiliklar orasida o’tkazilgan so’rov natijalarini keltiradi. Uning aytishicha, orol o’lka aholisi mahalliy hukumat qo’lidan biror ish kelishiga ishonmaydi.

“Gaitiliklarning 63 foizi hukumatni va shaxsan prezident Rene Prevalni sustkashlikda ayblamoqda”, -deydi janob Lugar. “Norozilik shu darajadaki, ko’pchilik boshqaruvni vaqtincha xalqaro jamoatchilik va BMTga topshirish tarafdori. Hech bo’lmaganda mamlakat bir oz o’ziga kelib olguncha”.

AQShda yashayotgan gaitiliklarning ko’pi vaqtincha bo’lsada vatanga qaytib, bunyodkorlik ishlarida ishtirok etishga tayyor.

Gaitiga shu kungacha 1,2 milliard dollarga teng ko’mak yetkazildi. Qidiruv-qutqaruv ishlari tugab, endi e’tibor kasalliklarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

Prezident Rene Preval, deydi fuqarolar, o’sha mash’um kundan beri xalqidan uzilib qolgan. Davlat rahbari aloqa-kommunikatsiya vositalaridan mahrum; chet el yordamini uning hukumati o’zlashtirib yuboradi degan qarash hukmron.

“Ofat bunchalik qattiq kelganda boshqaruv ishdan chiqishi tabiiy hol”, -deydi mutaxassislar. “Ammo haqiqiy yetakchi har qanday sharoitda o’zini ko’rsata olishi kerak”.

Ayrimlar buni zilzila olib kelgan mislsiz vayronagarchilik bilan izohlaydi. “Bir tasavvur qilib ko’ring, fojia Vashingtonda ro’y bersa”, deydi BMTning Gaitiga mas’ul vakili Pol Farmer.

“Gaitida nafaqat gumanitar fojia, butun boshqaruv tizimi yakson bo’lganiga guvohmiz. Bunday sharoitda biz odatda qo’llaydigan vakolat-hokimiyat tushunchalari o’rinsiz”, - deydi diplomat.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gaitini qayta qurish ishlariga bosh-qosh bo’lsin degan chaqiriqlar yangramoqda.

Xavfsizlik sohasida izlanuvchi olim Jeyms Dobbins fikricha, xalqaro tinchlikparvar kuchlar ishni o’z zimmasiga olishiga to’g’ri keladi. Matbuotda chiqqan ayrim xabarlarga qaramasdan Gaitida ahvol tinch, deydi u.

“Tan berish kerak, Gaiti ahli ular boshiga kelgan dahshatli ofatni chidam-bardosh bilan qarshiladi. Tishini-tishiga qo’yib, ko’mak kelishini kutdi. Bu yer Somali, Iroq yoki Afg’oniston emas”, - deydi olim.

Diktatura, qashshoqlik va siyosiy mashmashalardan boshi chiqmaydigan o’lkani qayta qurish oson bo’lmaydi. AQSh qonunchilari fikricha, ishni shunday tashkillashtirish kerakki, Gaiti iqtisodiyoti mustahkam, boshqaruvi samarali bo’lsin.