General Makkristal: Afg'onistonda vaziyat yaxshilanmoqda

Afg’onistonda xalqaro koalitsiya yirik operatsiyaga hozirlik ko’rar ekan, bugun Tolibon qarorgohi sanalmish Hilmand viloyatida portlash ro’y berib, ikki odam halok bo’lgan. Rasmiylarning aytishicha, itlar urushini tomosha qilayotgan bir to’da odam atayin nishonga olingan.

AQShning Afg’onistondagi qo’mondoni, general Stenli Makkristal nazarida xavfsizlik bobida vaziyat nisbatan yaxshilanmoqda. Xalqaro koalitsiya safi to’lib borar ekan, Tolibon mag’lub bo’lishi aniq, deydi u.

Pokistonda NATO mudofaa vazirlari bilan uchrashgan general Makkristal fikricha, oxirgi to’rt oyda Afg’onistonda manzara o’zgargan. Harbiy strategiyaga tuzatish kiritib, ko’proq qo’shin jo’natish qarori ish bermoqda, deydi u.

Makkristal o’tgan yil kuzida Afg’onistondagi ahvolni tahlil qilib, “ko’proq askar jo’natish zarur, aks holda yengilamiz” deya xulosa qilgan, natijada qattiq tanqidga uchragan edi.

Oradan bir necha oy o’tdi. Bu vaqt ichida Afg’onistonda xavfsizlik tizimiga e’tibor kuchaydi, Qo’shma Shtatlar yana 30 ming askar jo’natdi, NATO armiyasi ham yordamga otlangan – hozir vaziyat butunlay boshqa, deydi Makkristal.

Generalning aytishicha, Afg’oniston hamon xavotirga molik, ammo avvalgi chorasizlik, umidsizlik chekingan. Farq darrov ko’zga tashlanadi, deydi u.

“Afg’onistonda urush va erishilgan yutuqni raqamlarda ta’riflash qiyin”, - deydi general. “Necha tolib o’lgan, asirlar qancha, qaysi ko’prik portladi deb so’rash to’g’rimas. Bu – g’oyaviy kurash. Gap afg’on xalqining mehrini qozonish, jangarilarni taslim bo’lishga ko’ndirish haqida ketmoqda”, - deydi Stenli Makkristal. Uning aytishicha, xalqaro koalitsiya va afg’on armiyasi safida g’alaba ruhini ta’minlash ham muhim vazifalardan.

General toliblar yangi reja ustida ishlayotganini, ta’sir doirasini kuchaytirish harakatida ekanini tan oladi. Xalqaro koalitsiya ham qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q. Tez kunda Tolibon qarorgohi Hilmandda qaqshatqich operatsiya boshlanadi, deydi harbiy.