Bu oy Amerika qora tanli qahramonlarini xotirlamoqda

Fevral - AQSh va Kanadada qora tanlilar oyi. Afro-amerikaliklar tarixida burilish yasagan, qullik va irqchilikni tugatish uchun kurashib, taraqqiyotga hissa qo'shgan insonlar va voqealar yodga olinadi.

Bu - ilg'or qora tanlilar xotirlanadigan, o'tmish va hozirgi zamon qahramonlariga tahsin aytiladigan palla.

O'tgan yil oxirida kosmosga parvoz qilgan ikki afro-amerikalik fazogir bugun millat faxri, qora tanli bolakaylar uchun haqiqiy qahramon.

Olti fazogir mingan kema ko'kka parvoz qilib, xalqaro kosmik stansiya sari yo'l oldi. Bu sayohat doktor Robert Satcher va Liland Melvin uchun tarixiy ma'no kasb etadi. Ular bepoyon kosmosga birgalikda uchgan ilk afro-amerikalik fazogirlardir.

Robert Satcher NASA - AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi tarixida samoga chiqqan birinchi ortoped-jarroh - sayohat chog'ida tibbiy izlanishlar olib bormoqda.

"Qora tanli fazogirlar ko'rib, his etib ulgurmagan ishlar hali talaygina. Planni keragidan ortiq qilib bajara olishimizga, boshqalarga yetib olishimizga ishonaman. Orzum - afro-amerikalik kosmonavtlar ko'paysa, kashfiyotlar qilsa",- deydi Satcher.

Parvozda qatnashgan Leland Melvin kemaning texnik muammolari, sozlash ishlari uchun mas'ul bo'ldi. Fazogir sifatida 10 yillik tajribasi bor. Qora tanli yosh qiz-yigitlar uchun namuna, o'rnak bo'lishga harakat qilmoqda.

"Bolalar qarasaki, ikki afro-amerikalik kosmonavt osmonu falakni kezmoqda. Bir necha o'n yil oldin buni tasavvur qilib bo'lmas edi. Qoralarga ruxsat yo'q edi. Bugun qattiq mehnat qilgan, ishiga fidoiy inson ko'zlagan maqsadiga albatta erishadi. Avvalgi to'siqlar yo'q",- deydi Melvin.

1980-yillar boshida qora tanli fazogir Ronald Makneyr NASAning fazoviy dasturida qatnashib, tarixda yangi sahifa ochgan edi.

Biroq MakNeyr va uning safdoshlari mingan kema yerdan ko'tarilgach, portlab ketgan. Halokatda hech kim omon qolmagan.

"Makneyr haqiqiy kosmonavt edi", deydi Melvin.

"Yaqinlarim, do'stlarim meni yo'ldan qaytarishga urinishdi. "Qo'y, fazogirlikni senga kim qo'yibdi. Qo'lingdan kelmaydi" deyishdi. Menimcha, bolaga uni qilma, bekor vaqting ketadi deyish o'rniga uni doim qo'llash, ilhom berib turish kerak",- deydi fazogir.

Yaqinda parvozdan qaytgan Satcher va Melvin o'quvchilarni qiziqtirishga harakat qilib, fazogir kasbini tanlashga undamoqda.

Ularga oliy ma'lumot ahamiyatini uqtirmoqda. Misol uchun, Satcherning tarjimai holini olaylik - Amerikaning eng sara universitetlarida o'qib, kimyoviy muhandislik va tibbiyot bo'yicha diplom olgan.

"Kosmonavt bo'lish uchun", - deydi u bolalarga maslahat tariqasida, "matematika kabi aniq fanlarni yaxshi bilish kerak".

"Texnologiya turmushning ajralmas qismi. Uni yaqindan o'rganish kerak. Texnika sirlarini bilish kerak. Olimlar shunday qilib paydo bo'ladi", - deydi Leland Melvin.

1983 yildan beri Amerika fazoviy tadqiqotlarida qatnashgan kosmonavtlarning 20 nafari qora tanli fuqarolardir.

Melvin va Satcher kabi olimlarning orzusi shuki, samoda va kurrai zaminda qora tanli kashfiyotchilar safi yil-sayin ko'payrsin.

O'tgan asrlar davomida boy berilgan, tortib olingan imkoniyatlar hissasini chiqarsin.