2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisligiga kirishgan Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev shu hafta Ozarbayjon va Armanistonda bo'lib, Tog'li Qorabog' mojarosiga yechim topishda yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.
Yaqinda AQShga tashrif buyurgan Kanat Saudabayev Qozog'iston Yevropa tashkilotiga raisligidan mintaqadagi mojarolarni hal etishda unumli foydalanadi, deb aytgan edi.
Saudabayev dushanba kuni Bokuda bo'lib, mamlakat rahbariyati bilan uchrashdi. Armaniston va Ozarbayjon o'rtasidagi ziddiyatlarni tinch yo'l bilan hal etishga va'da berdi. Bu Qozog'istonning rais sifatidagi ustuvor vazifalaridan biri, dedi Saudabayev. Kecha esa Qozog'iston vaziri Yerevanga ham tashrif buyurib, mamlakat prezidenti va boshqa arboblari bilan ayni masalani muhokama qilgan.
"Agar tomonlar shu paytgacha erishilgan barcha kelishuvlarga sodiq qolsa, joriy yil mojaroga yechim topishda muhim bo'lishi mumkin", - deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi.
Kanat Saudabayev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston rahbari Serj Sarkisyan bilan uchrashuvlari chog'ida Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning muammoni hal etishga qaratilgan takliflarini yetkazgan.
"Mintaqa ham, bu ikki davlat va uning xususiyatlari ham bizga yaxshi tanish va rejamizni ishlab chiqishda ularni inobatga olganmiz", - deydi Saudabayev.
1988 yilda boshlangan etnik mojaroning qisqacha tarixi shundan iboratki, Ozarbayjon tarkibidagi Tog'li Qorabog'da ko'pchilikni tashkil etuvchi armanlar o'lka mustaqilligini talab qilib, Armanistonga qo'shilmoqchi bo'lgan. Yerining bir qarichini ham yo'qotishni istamagan Ozarbayjon bunga qarshi chiqib, orada qonli urush bo'lgan. 35 mingga yaqin kishi jon bergan. Tog'li Qorabog'dan tashqari mojaro paytida Rossiyadan yirik harbiy yordam olgan armanlar mintaqa atrofidagi 7 ta rayonni, jami Ozarbayjon hududining 20 foizini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Xalqaro hamjamiyat aralashuvi tufayli 1994 yili sulh tuzilib, shu kunga qadar o'tkazilgan muzokaralar natija bermagan. Hech bir tomon murosa qilishni istamaydi. Ozarbayjon Tog'li Qorabog'dan tashqari tortib olingan boshqa yerlarining qaytarilishini ham talab qilmoqda.
Masalaga yechim topish Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshida tuzilgan Minsk Guruhiga topshirilgan. Fransiya, Rossiya va Qo'shma Shtatlar raisligidagi ushbu guruh 1992 yildan beri qator takliflar bilan chiqqan. Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari ularni o'zaro uchrashuvlarida muhokama qilgan, ammo shu paytga qadar muzokaralardan natija yo'q.
Nursulton Nazarboyevning takliflari, deydi Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mammadiyorov, atroflicha o'rganib chiqiladi. O'tgan yil dekabrida Minsk Guruhi vositachiligida Afinada ham muzokaralar o'tgan.
Mammadiyorovning aytishicha, Ozarbayjon yangi takliflarga umuman olganda qo'shiladi, to'g'ri kelmaydigan ba'zi punktlarini hisobga olmaganda.
"Muzokaralar davom etadi", - deydi u.
O'tgan oy Aliyev va Sarkisyan Sochida prezident Dmitriy Medvedev vositachiligida ham uchrashgan. Ba'zi tahlilchilarga ko'ra, Ozarbayjon Tog'li Qorabog'dan umidini uzgan, ammo qolgan hududlarini qaytaralishini istaydi. Boku uchun bu juda muhim, chunki urush oqibatida 7,5 millionlik aholining bir millioni qochqinga aylangan va hozirgacha og'ir sharoitda kun kechiradi. Tortib olingan yerlar qaytarilsa, qochqinlar muammosi hal bo'ladi.
Prezident Aliyevning ta'kidlashicha, Ozarbayjon Tog'li Qorabog'ni o'z hududi deb hisoblaydi va undan voz kechmaydi. U yerdagi armanlar esa xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog'li Qorabog' respublikasi mustaqilligini e'lon qilish maqsadida referendum o'tkazmoqchi.