Afg'onistonda AQSh qo'shinlari NATO boshqaruviga o'tadi

NATOning Bryusseldagi qarorgohidan olingan xabarlarga ko'ra, yangi strategiyaga muvofiq Afg'onistonda mustaqil ravishda harakat qilayotgan AQSh harbiylarining aksariyati - 20 ming askar NATO qo'mondonligiga o'tadi. Bu haqda AQSh vitse-admirali Greg Smit ma'lum qilgan.

Ayni damda Afg'onistonda NATO qo'l ostida 44 mamlakatdan 90 ming askar xizmat qilmoqda. AQShning 30 ming sonli qo'shini esa alohida mandat asosida harakatlanmoqda.

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo'mondonligi rahbari Deyvid Petreusning aytishicha, Iroq va Afg'onistonda yutuqlar bor, ammo to'liq g'alabaga hali erta. General Petreus Senat Qurolli kuchlari qo'mitasida hisobot bergan.

Unga ko'ra, Afg'onistonda toliblarga qarshi shiddatli janglar olib borilmoqda. Janubdagi Marja shahrida o'tkazilgan operatsiya keng ko'lamli amaliyotlarning birinchi bosqichi.

"Kelasi 18 oy davomida ham harbiy, ham noharbiy vositalar yordamida barqarorlikni ta'minlashga harakat qilamiz", - deydi Petreus.

Uning bildirishicha, Tolibon osonlikcha taslim bo'lmaydi va qattiq qarshilik ko'rsatadi.

"2010 yil og'ir davr bo'ladi. Muhim viloyatlarda jangarilarni yengib, Tolibon harakatini zaiflashtiramiz. Qonli janglarga tayyor turishimiz kerak", - deydi general.

AQSh harbiylari afg'on armiyasi tayyorgarligini kuchaytirib, kelasi yil mamlakat xavfsizligini ularga topshirishni boshlamoqchi.

General Petreus Pokistonning Tolibon va al-Qoidaga qarshi operatsiyalari saviyasini yuqori baholab, afg'on chegarasida AQSh va Pokiston hamkorligi tufayli jangarilar siquvga olinganini ta'kidlagan.

Bu orada Afg'onistonning Hilmand viloyatida mahalliy xavfsizlik kuchlari Lashkar-Goh shahrida AQSh gumanitar tashkilotiga qarashli imoratni portlatmoqchi bo'lgan ikki xudkush bombachini otib o'ldirgan.

AQSh qo'shinlari janubdagi Qandahor viloyatida yirik operatsiya o'tkazishga tayyorlanar ekan, Qandahor shahriga 1000 nafar qo'shimcha afg'on politsiyachilari safarbar etilgan.

Kecha esa NATO tarkibida xizmat qilayotgan britan kuchlari Hilmandning Musa Qal'a tumanida bombaga duch kelib, ikki askarini yo'qotgan.