BMT bosh kotibi Markaziy Osiyo rahbarlarini murosaga chaqirmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Markaziy Osiyo bo'ylab safar qilar ekan, kecha O'zbekistondan so'ng qo'shni Tojikistonga borgan. Mintaqada suv tanqisligi va uni taqsimlash muammolari muhokama etilgan.

Pan Gi Mun Markaziy Osiyo rahbarlarini umumiy muammolarni murosa va muloqot yo'li bilan hal etishga chaqirgan. "Xoh neft, xoh gaz, xoh suv bo'lsin, resurslardan adolatli ravishda, qo'shni davlatlar manfaatlarini inobatga olgan holda foydalanish kerak. Bu mintaqa rahbarlarining kollektiv majburiyatidir", degan BMT bosh kotibi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvdan so'ng.

Tojikiston elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyojini qurilayotgan Rog'un GESi orqali qoplashga umid qilar ekan, qishloq xo'jaligi va ayniqsa paxta uchun ko'p suv iste'mol qiluvchi O'zbekiston bundan norozi. Kuzatuvchilarga ko'ra, rasmiy Toshkent gidroelektrostansiyalar qurilishiga zo'r bergan Tojikiston va Qirg'iziston kelajakda suvdan siyosiy maqsadda foydalanadi, degan xavotirda.

Rog'un GESi loyihasi bo'yicha O'zbekiston-Tojikiston munosabatlari ziddiyatlashar ekan, Pan Gi Mun mamlakatlarni xalqaro ekspertlar guruhi loyiha bo'yicha texnik xulosalarini bildirmaguncha, bir tomonlama harakatlardan o'zini tiyishga chaqirgan.

Tojikiston O'zbekistonni Rog'un uchun zarur qurilish materiallarining o'z hududi orqali Tojikistonga kirishiga to'siq qo'yayotganlikda ayblamoqda. Xususan Tojikiston rasmiylarining aytishicha, gap mingga yaqin vagon haqida ketmoqda.

Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilov bu haqda Pan Gi Munga shikoyat qilgan. O'zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi bayonotiga ko'ra esa, so'nggi paytda O'zbekiston temir yo'llari orqali yuklarning keskin ko'paygani texnik muammolarga sabab bo'lgan. Elchixona AQSh bilan imzolangan bitimga ishora qilmoqda.

O'tgan yili O'zbekiston va Tojikiston AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari uchun harbiy yuklarning o'z hududi orqali o'tishiga rozilik bergan edi.