AQSh qirg'iz rasmiylari bilan muloqot qilmoqda

AQSh qirg'iz rasmiylari bilan muloqot qilmoqda

<!-- IMAGE -->

AQSh betaraf

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleyk (Blake) 8 aprel kuni Vashingtonda Qirg'iziston Tashqi ishlar vaziri Qodirbek Sarboyev bilan uchrashgan.

Muloqotda Amerika betaraf ekani eslatilgan.

Sarboyev shu kunlarda rejalangan muzokaralar uchun Amerika poytaxtiga kelgan edi. Lekin Bishkekda Kurmanbek Bakiyev hokimiyatni muxolifatga boy bergani sabab bu yig'ilish qoldirilgan.

<!-- IMAGE -->

Delegatsiya tarkibida Bakiyevning o'g'li Maksim, Taraqqiyot, sarmoya va innovatsiya bo'yicha agentlik rahbari ham bo'lishi kerak edi.

AQSh rasmiylari uning Vashingtonda ekanini tasdiqlagan, lekin "u bilan gaplashildimi"? degan savolga "yo'q" degan javob olinmoqda.

Diplomatlar Kurmanbek Bakiyev bilan ham aloqa qilinmaganini aytmoqda.

Davlat departamentining bayon qilishicha, Bishkekda Amerika elchisi Tatyana Gfoller muxolifat yetakchisi, kecha e'lon qilingan muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva bilan uchrashgan.

AQSh hukumati Otunbayeva ma'muriyatini tan olishga shoshmayapti. Har ikki tomonga tinchlikni saqlash oliy maqsad ekani eslatilmoqda.

<!-- IMAGE -->

Amerika hukumati Qirg'izistondagi qonli to'qnashuvlar, qurolli namoyishlar va insonlar halok bo'lganini qoralamoqda. Hukumat demokratik tarzda o'zgarishi kerak, zo'ravonlik yo'li bilan emas degan yondashuv olg'a surilmoqda.

Qo'shma Shtatlar nazarida Qirg'iziston o'z kelajagini o'zi belgilashi, suveren davlat sifatida ish ko'rmog'i lozim.

Namoyishlar ortida AQSh yoki Rossiya turgan bo’lishi mumkin degan da’volar keskin rad etilmoqda.

Obama ma'muriyati, deydi departament so'zlovchisi Filipp Krouli, Qirg'izistonda yaqin kunlarda vaziyat barqarorlashadi va demokratik tamoyillar bo'yicha ish ko'riladi degan umidda.

"Amerika Qirg'izistonda qonun ustuvorligini ta'minlashga undaydi",- deydi Krouli.

Vashington bu mamlakatdagi ahvolni yaqindan kuzatmoqda. Manasdagi baza xavf ostida ekani haqida biror dalil-isbot yo'q, deydi rasmiylar. Aerodrom ham, AQSh elchixonasi (biroz cheklangan holda) ham ishini davom ettirmoqda.