Vashingtonda 47 davlat yadro xavfsizligini kuchaytirishga kelishdi

Vashingtonda yadro xavfsizligiga doir ikki kunlik xalqaro anjuman yakunlandi. Prezident Barak Obamaning aytishicha, 47 davlatdan tashrif buyurgan ishtirokchilar kelasi to'rt yil davomida barcha yadro materiallari xavfsizligini kuchaytirib, yadroviy terrorizm tahdidiga qarshi kurashishga kelishib olgan.

Prezident Obama sammitni yadro qurollaridan xoli dunyo uchun muhim qadam deb atagan.

"Davlatlar dunyoqarashini o'zgartirib, irodasini namoyish etib, tarix talabiga qarab ish tutishi kerak", - deydi Obama.

Sammit ishtirokchilari yakuniy bayonotga imzo chekib, yadro materiallari, texnologiyasi va qurollari terrorchilar qo'liga tushmasligini ta'minlovchi 12 punktdan iborat choralarga kelishib oldi. Keyingi sammit 2012 yilda Janubiy Koreyada o'tadigan bo'ldi.

Anjuman doirasida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yadro qurollari uchun ishlatiladigan plutoniyni mudofaa dasturlaridan chiqarishga qaratilgan bitim imzolagan.

Sammit majlislari matbuot uchun yopiq bo'ldi. Unda yadro dasturidan voz kechish talablarini inkor etayotgan Eronga yangi sanksiya qo'yish masalasi ham muhokama qilingan. Buning uchun Qo'shma Shtatlar Rossiya va Xitoyni ko'ndirishi kerak.

Prezident Obamaning aytishicha, hamkorlar bilan bu borada muloqot oson kechmaydi, ammo Eronga qarshi kuchli sanksiya qo'ymay iloj yo'q.

Sammit ishida Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham ishtirok etdi. Anjuman doirasida Nazarboyev Vashingtonga tashrif buyurgan Rossiya va Ukraina rahbarlari hamda sammit mezbonlari - AQSh prezidenti va vitse-prezidenti bilan uchrashgan.