O'tgan hafta Qozog'istondan Belarusga borgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev Minskda jurnalistlarga bayonot berib, iste'fosidan voz kechgan.
Bakiyev o'zini qonuniy ravishda saylangan prezident deb, qasamyod keltirganini aytadi.
"Qasamyodimni hech bir kuch buza olmaydi. Meni faqat o'lim to'xtatishi mumkin", - deydi Bakiyev.
Ma'lumki, Bakiyev Jaloloboddaligida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko unga qo'ng'iroq qilib, boshpana taklif etgan edi. Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham AQSh va Rossiya rahbarlari bilan maslahatdan so'ng Bakiyevni mamlakatda fuqarolik urushining oldini olish uchun Qirg'izistonni tark etishga da'vat etgan edi. Shundan so'ng Bakiyev Qozog'istonga chiqib ketib, muvaqqat hukumat uning iste'fosini faks orqali qabul qilganini aytgan edi. Tarazda bir necha kun turib, Bakiyev Minskka chiqib ketdi.
"Vakolatlarimni xalqaro hamjamiyat tan olgan, hokimiyatni tortib olishga harakat qilayotgan banditlar esa kimningdir nog'orasiga o'ynamoqda, ammo Qirg'iziston hech qachon mustamlaka bo'lmaydi", - deydi Bakiyev Minskdan.
Sobiq rahbar xalqaro hamjamiyatdan muvaqqat hukumatni tan olmaslikni so'rab, Qirg'izistondagi voqealar bo'yicha mustaqil tergov o'tkazishga chaqirgan.
"Qirg'iziston fuqarolari, biz yolg'iz emasmiz. Ishonchli do'stlarimiz bor va ular oz emas. Men konstitutsion tartibni tiklashga harakat qilaman va banditlarga xalqimiz taqdirini hal qilishga yo'l qo'ymayman", - deya yakunlaydi bayonotini Bakiyev.
Belarus prezidenti "Bakiyev mening himoyamda" deb, parlamentga murojaatida uni Qirg'izistonning qonuniy rahbari deb atagan.
Bu o'rtada AQShning Qirg'izistondagi elchisi Tatyana Gfeller muvaqqat moliya vaziri Temir Sariyev bilan uchrashib, Amerika hukumati respublikaga zarur yordam ko'rsatishga tayyor, degan. Elchining aytishicha, Qirg'iziston haqiqiy demokratiya qurish imkoniga ega va uni qo'ldan boy bermasligi kerak.
Qirg'izistondagi voqealarga AQSh Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri munosabatini bildirgan. Uning aytishicha, sobiq tuzum demokratik va iqtisodiy islohotlarni uddalay olmadi.
"Qo'shma Shtatlar muvaqqat hukumatga buning uchun ikkinchi imkoniyatdan samarali foydalanishga yordam berishi zarur".
Senator Kerri muvaqqat hukumatning iqtisodiy va siyosiy erkinlashtirish bobidagi ba'zi qadamlarini olqishlagan. Xususan, salkam ikki yil burun FM radio to'lqinlaridan olingan "Ozodlik" radiosi dasturlarini tiklash qarorini.
Strasburgda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas'ul rasmiysi Ketrin Eshton Qirg'izistonda muvaqqat hukumatga iqtisodiy va siyosiy yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti mamlakatdagi tartibsizliklar va qon to'kilishlari bo'yicha sinchkov tergov o'tkazishga chaqirgan.
"Tergovni imkon qadar tezroq va xalqaro mutaxassislar yordamida amalga oshirish kerak", - deydi tashkilot vakili Andrea Berg.
<!-- IMAGE -->