AQSh qo'lidagi yadro qurollari sonini e'lon qildi

<!-- IMAGE -->

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Nyu-Yorkda BMT yadroviy anjumanida so’zlar ekan, “Qo’shma Shtatlar ommaviy qirg’in quroli tarqalishiga qarshi va ulardan xoli dunyo tarafdori”, - dedi.

Buning isboti tariqasida AQSh o’z yadroviy arsenali soni haqida, shu paytgacha sir tutilgan axborotni e’lon qilmoqda.

Klinton Eron borasida to’xtalib, islomiy davlatni xalqaro qonunlarni poymol qilayotganlikda aybladi.

Ommaviy qirg’in qurollaridan qutulish, yadroviy urushlar oldini olish – Obama ma’muriyati o’z oldiga qo’ygan muhim vazifalardan.

Bu siyosatga sodiq Qo’shma Shtatlar o’z yadro arsenalini kamaytirishga kirishgan. “Qo’limizdagi atom qurollari, ularning soni haqida ochiq-oydin gapirishga tayyormiz”,- deydi Klinton.

“AQSh atom qurolidan qutulishiga shubha bilan qarayotgan kishilar diqqatiga – bugun yadroviy o’q-dori haqida raqamlarni e’lon qilayapmiz”,-deydi vazira.

Mudofaa vazirligi – Pentagon 1962 yildan to bugunga qadar bo’lgan batafsil axborotni havola etgan. Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar hozir 5,113 dona yadroviy vositaga ega. 1960 yillar oxiri, sovuq urush avjiga chiqqan davrda bu son 31 ming donani tashkil etgan.

<!-- IMAGE -->

Eron esa AQSh berayotgan yadroviy ma’lumotni mustaqil komissiya tekshirishi kerak degan talabni qo’ymoqda.

Kecha Nyu-Yorkda BMT anjumanida 189 davlat vakillariga qarata so’zlagan Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod AQSh va uning ittifoqchilari, xususan Isroilni agressiyada ayblagan.

Uning aytishicha, yadro quroliga ega Qo’shma Shtatlar Eron va butun Yaqin Sharqqa tahdid solmoqda; qonli urushlar olib bormoqda. Ahmadinajod nazarida AQSh dunyoda yadroviy poygani avj oldirmoqda.

Amerika, Britaniya va Fransiya delegatsiyasi Eron rahbarining nutqi paytida konferensiya zalini tark etgan.

Davlat kotibasi Xillari Klinton bu ayblovni safsata deb ta’riflaydi. “Ahmadinajod”, -deydi Klinton, “xalqaro hamjamiyatni chalg’itib, o’z yadro dasturiga doir muammo va javobgarlikdan qochmoqda”.

“Eron Yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi bitimni imzolagan. Biroq islomiy respublika hujjatga amal qilmayotgan, uni poymol qilayotgan yagona davlat”,-deydi Klinton. “Tehron BMT Xavfsizlik Kengashi, Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikni mutlaqo pisand qilmay qo’ygan. Xalqaro hamjamiyat bunga tinch qarab turmaydi – Eron o’ziga ziyon qilib, yakkalanib qolmoqda”,-deydi AQSh rasmiysi.

Klinton fikricha, yadroviy bitimni buzgan a’zo davlat avtomatik ravishda jazolanishi kerak – shu paytgacha faqat diplomatiya bilan ish ko’rilgani yetar, deydi u.

BMT talabiga qaramasdan, Eron uranni boyitishda davom etmoqda. Shu paytgacha uch bor sanksiya bilan jazolagan; hozir yana bir sanksiya muhokamada. G’arb xavotiri shuki, islomiy mamlakat ommaviy qirg’in quroli yaratish bilan band.

Yadro quroli tarqalishining oldini olishga doir BMT sammiti har besh yilda bir o’tkaziladi. Unda ommaviy qirg’in qurolini tarqatmaslik bitimi, uning ijrosi muhokama qilinadi.