<!-- IMAGE -->
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Vashingtonga to’rt kunlik safarini boshladi.
Bu AQSh bilan dahanaki tortishuv-janjaldan so’ng amalga oshayotgan, aloqalarni yelimlashga qaratilgan muhim safar, deydi siyosatdonlar.
AQSh matbuotida yoritilishicha, prezident Barak Obama o’z ma’muriyatidan afg’on rahbariga nisbatan tanqidlardan tiyilishni, Vashingtonda mehmon bo’layotgan Hamid Karzay hurmatini joyiga qo’yishni so’ragan.
“Karzay nafaqat Afg’onistonning qonuniy rahbari, balki Tolibonga qarshi kurashda eng yaqin hamkorimiz”, - deydi Obama.
Vashington-Kobul munosabatlari so’nggi payt o’rtada ishonch yo’qolib borayotgani bilan e’tiborli. Bu ayniqsa prezident Barak Obamaning Kobulga safaridan keyin yaqqol sezila boshladi.
Ziddiyatlar qisman AQSh qo’shinlarini kelasi yil yozda Afg’onistondan chiqarish rejasiga borib taqaladi.
O’tgan oy Hamid Karzay xorijiy hukumatlar, jumladan Qo’shma Shtatlarni Afg’oniston ichki ishlariga aralashayotganlikda, prezident saylovlari natijasini hal qilishga uringanlikda ayblagan edi. Bosim davom etaversa, Karzay hatto Tolibon safiga qo’shilaman deb po’pisa qilgan.
“Vashington Post” gazetasi chop etgan maqolaga ko’ra, Obama ma’muriyatida, jumladan Afg’onistonda ishlayotgan va yerga muntazam safar qiladigan diplomatlar orasida Hamid Karzayni zaif, korrupsiyani jilovlay olmayotgan layoqatsiz rahbar deb, undan norozi bo’layotganlar ko’p. Hatto AQShning Afg’onistondagi elchisi Karl Aykenberri Obamaga yuborgan shaxsiy nomalarida “u bizga ishonchli hamkor bo’la olmaydi” deb ogohlantirgan.
Barak Obamaning Karzay prezidentligidan ko’ngli to’q emas, deydi rasmiylar, lekin u bilan ishlashga majbur.
Amerikaning Afg’onistondagi qo’mondoni Stenli Makkristal, aksincha, “G’arb Hamid Karzayni iloji boricha qo’llab-quvvatlashi kerak, oddiy afg’onlar unga ishonsagina harbiy missiya natija beradi”, - deydi.
Makkristal fikricha mamlakat kelajagini Tolibon emas, hukumat belgilashini afg’onlar bilishi kerak. Karzayning Vashingtonga safari va unga ko’rsatilgan hurmat-e’tibor, uning nazarida, ana maqsadga erishishda ko’maklashadi.
Barak Obama afg’on rahbari bilan muloqotda mamlakatda kelasi yil qo’shin soni kamaysada, AQSh Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’ymaydi, diplomatik va iqtisodiy yordamni oshiradi, deb dalda berishi kutilmoqda.
Afg’on rasmiylari so’zlariga ko’ra, tashrifdan yana bir asosiy maqsad – Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlash uchun Obamaning roziligini olish. Jangarilar bilan murosa mamlakatda zo’ravonlikka chek qo’yishning muhim sharti deb ko’riladi, biroq amalda bu qanday tatbiq etilishi to’g’risida Vashington va Kobulda fikrlar turlicha.
Karzay ma’muriyati yaqinda masalaga bir oz oydinlik kiritdi. Hukumat ko’rib chiqayotgan tinchlik loyihasiga ko’ra, Tolibon rahbarlari sulh evaziga mamlakatni tark etish imkoniyatiga ega bo’lishi mumkin. Shu bilan birga, quyi pog’onadagi oddiy jangchilarga ish-maosh taklif qilish ko’zlangan. Ulardan o’z navbatida zo’ravonlikdan voz kechib, Afg’oniston konstitutsiyasini tan olish talab qilinadi.
Loyiha matni shu oy oxirida Kobulda o’tishi rejalangan jirg’a, ya’ni qabilaviy yig’inda muhokamaga qo’yiladi.
Siyosatdonlar ushbu sa’y-harakatlar ish berishiga shubha bilan qaraydi. Asosiy sabab - jangari guruhlar va hukumat o’rtasida so’nggi 9 yil mobaynida shakllangan chuqur ishonchsizlikdir.
Jangarilarga hukumat taklif qilayotgan ish-maosh qiziq emas, deydi tahlilchilar. Ular hukumat islomiy tamoyillardan uzoqlashayotgani, hokimiyat faqat tor guruhlar manfaati uchun qo’llanilayotganidan to’ygan. Shuningdek, 100 ming sonli ajnabiy qo’shin Afg’onistonni tark etishini istaydi.