AQShda o'q-otar qurollarni ta'qiqlovchi qonunning muddati bitdi - 2004-09-15

AQShda shu hafta o’q-otar qurollarni ta’qiqlovchi qonunning muddati bitdi. 10 yil avval qabul qilingan bu qonun avtomatlar, ketma-ket otish imkonini beradigan, ko’p o’qli qurollar savdosini maan etgandi.

Endi qurol ishlab chiqarish sanoati savdoning gullab-yashnashiga umid qilmoqda. Baretta degan qurollar kompaniyasi xaridorga 15 o’q sig’adigan magazinning ikkitasini tekinga taklif qilmoqda.

Qurol ishlab chiqaradigan boshqa bir tadbirkor, Chak Peyn, uning biznesini ta’qiqlagan qonunning vaqti tugar ekan, har bir daqiqani sanab o’tirdim, deydi. "Agar ko’p o’qli magazin olsangiz, o’qlashga kam vaqt sarflaysiz. Ko’p otasiz, bu esa bizga yaxshi, chunki biz o’q dori sotamiz."

Qonundan norozi qurol ishqibozlari shodliklarini yashirishmaydi."O’q-otar qurolni ta’qiqlagan yana bir ahmoqona qonunning bekor bo’lgani yaxshi. Qurol haqidagi qonunlarning kuni birganini doim ham ko’ravermaysiz,” deydi qurolga ega kishilardan biri.

“"Sizni o’ldirish payida yurgan odamlar bor,” deya ta'kidlaydi yana bir boshqasi. "“Demak, qurol sizni ulardan himoya qiladi?” deb so'rasangiz, shunday javob qiladi: “Menimcha, shunday.”

O’q-otar quroldan zarar ko’rgan oilalar va politsiya boshliqlari mamlakat bo’ylab prezidentni qurolga qarshi qonunni kuchda saqlashga va qurol lobbiychilariga yo’q, deyishga chaqirib kelishdi. 1997 yil Los Angelesda og’ir qurollangan ikki og’ri 350 politsiyachini ikki soat garovda saqlagandi.

"O’q-otar qurollar o’lim keltiradi. Ular ovchilik yoki kollektsiya uchun emas," deya fikr bildiradi Los Angeles politsiyachisi Uilyam Bratton.

Alabama shtati politsiyachisi Maykl Kolinsning uch hamkasbi o’q-otar qurollar o’qidan jon bergan. "Qurollar man’ etilishi lozim," deydi u, "Bular harbiy qurollar. Ular armiya uchun mo’ljallangan. Kimdir otmoqchi bo’lsa, ko’chalarimizda otishadi. Hozirda odamlar o’t-ochar qurollar o’qidan o’lishyapti."

Qurollar savdosi qonuniylashar ekan, jinoyatchilarga ularni topish osonlashadi. Zobit Kolins, bunga siyosat aybdor, deydi. "Menimcha, Kongresning bu masala bilan shug’ullangisi kelmadi, chunki bu saylov yili.

Kongresdagi Respublikachilar qurolga qarshi qonunning bekor bo’lishini istashadi. Prezident Bush, yarim-avtomat qurollarga qarshi ekanini aytadi, ammo ularni ta’qiqlash uchun hech narsa qilmadi.

Sobiq Prezident Klinton qurolga qarshi qonunni 10 yil avval imzolagach, qurol lobbiychilari Respublikachilarning hukumat tepasiga kelishida muhim rol o’ynashdi. Buni Demokratlar, albatta, yaxshi bilishadi. Prezidentlikka nomzod Demokrat John Kerry qurollar savdosiga qarshi ekanini aytgan, ammo shu kunlarda bu borada uncha gapirmayapti.