Ikki yil avval, AQSh Iroqni ishg’ol qilganidan beri 30 dan ziyod davlat a’zoligidagi xalqaro koalitsiyaning hajmi uchdan ikkiga qisqardi.
Koalitsiya tarkibida qolgan davlatlarning yana ikkitasi, Ukraina va Gollandiya Iroqdagi 3,300 kishilik qo’shinini bosqichma-bosqich olib chiqarishni rejalashtirgan.
Pol’sha va boshqa mamlakatlar esa hozirda koalitsiyaga qo’shimcha askar yuborish ahdidan qaytgan. Shunga qaramay, xalqaro hamjamiyat Iroqni tiklash va uni barqarorlashtirish yo’lida o’z yordamini ayamayapti.
Shu oyda AQSh qo’shinlari yo’l qo’ygan xatoliklar natijasida bir italyan xavfsizlik xodimi va bolgariyalik askar halok bo’ldi. Voqea Iroqdagi xalqaro koalitsiyaning birdamligini sinadi.
Ikki yil mobaynida koalitsiya qo’shinlari bir necha terror va jangari hujumlariga hamda mahalliy aholining adovatiga uchradi.
O’tgan hafta AQSh prezidenti Jorj Bush koalitsiyaning Iroqda barqarorlikni o’rnatishdagi harakatlarini maqtadi va urushda qurbon bo’lganlarni yod etdi.
"Terroristlar va isyonchilarga qarshi kurashdagi ittifoqchilarimizning mardligi va hamjihatligi tufayli, bizga nisbatan xavf ancha kamaydi. Bu yo’lda xizmat qilgan mamlakatlar bizning haqiqiy do’stlarimiz ekanliklarini isbotladilar,"-dedi Bush.
Biroq shunga qaramay, koalitsiya hajmi kichraymoqda. Ayrim mutaxassislarning fikricha, bu tashvishlanarli xol.
"Biz kattaroq koalitsiya tuzmoqchi edik, biroq qulay fursatdan foydalana olmaganligimiz uchun, bu imkoniyatni qo’ldan boy berdik,"-deydi Brukings ilmiy markazi xodimi Maykl O'Henlon.
Koalitsiyani birinchilardan bo’lib, o’tgan yil mart oyida Madriddagi kuchli poezd portlashidan so’ng, Ispaniya tark etgan edi.
O’shanda Bush ma’muriyati Madrid portlashidan keyingi saylovlar natijasida Ispaniya hukumatida yuz bergan o’zgarishlardan ko’ngli to’lmaganligini ochiqchasiga bildirgan edi. Ispaniyaning Vashingtondagi elchisi Karlos Vestendorpning fikricha, ikki davlat or’tasida sovugan aloqalar yana iliqlashmoqda.
Uning fikricha, ayrim davlatlar Iroqqa qo’shin yubormasa ham, unga boshqa yo’llar bilan yordam ko’rsatishi mumkin. Masalan, uning iqtisodiyotini ko’tarish yoki qayta qurish harakatlariga yordam berish orqali.