Amerikaliklar: Demokratiya tahdid ostida

  • Amerika Ovozi

AQShda shu kunlarda o'tkazilgan ommaviy so'rovlarga ko'ra, aksariyat amerikaliklar mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligi xavf ostida deb biladi.

Respondentlarning 65 foizi shunday fikr bildirgan, 33 foiziga ko'ra esa demokratiyaga tahdid yo'q.

So'ralganlarning 83 foizi o'tgan yil boshida Kongressga qilingan hujumni qoralagan. Prezidentlik muddati tugayotgan Donald Trampning tarafdorlari o'shanda Kapitoliyga bostiribb kirib, bir necha kishi halok bo'lgan edi.

Ko'pchilik amerikaliklar bu voqeani zo'ravonlik deb atab, uni amalga oshirganlarni javobgarlikka tutish zarurligini uqtirgan.

Buni ham ko'ring AQSh matbuot erkinligini kengroq targ'ib qilishi kerak, deydi taniqli huquq faoli

2021-yilning 6-yanvarida yuz bergan bu hodisa mamlakat bo'ylab demokratik tizimga raxna solgan, deydi katta sondagi respondentlar.

2024-yilda prezidentlik saylovidan keyin ham shunday qo'zg'olon ro'y berishi mumkinmi? So'ralganlarning aksariyati "ha" deb javob bergan.

Har uch amerikalikdan ikkisi Jo Bayden 2020-yildagi saylovda haqiqatan ham yutgan deb hisoblaydi.

Respondentlarning deyarli yarmiga ko'ra, o'tgan yilgi qon to'kilishida Tramp aybdor.

So'rovda qatnashganlarning 33 foizi nazarida ba'zida hukumatga qarshi kuch ishlatish asoslidir. 2015-yilda bunday fikrlaydiganlar soni 23 foiz, 1995-yilda esa 13 foiz bo'lgan.