Uyi Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan tintuv qilingan jurnalist Bobomurod Adbullayevga nisbatan ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda.
Abdullayev avval bedarak yo‘qolgan deb ko‘rilayotgan edi, keyinchalik, 27- sentabr kuni hibs qilingani ochiqlandi.
1-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Abdullayevga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar bo‘ycha mahkama belgilangan.
Jurnalistning turmush o‘rtog‘i Katya Balxiboyevaga ko‘ra, erini nimalarda ayblashlari mumkinligi mavhum.
29-sentabr kuni Abdullayevning Toshkentdagi uyida MXX tomonidan o‘tkazilgan tintuv paytida jurnalist o‘g‘irlikda gumon qilinayotgani aytilgan.
Katya Balxiboyevaning aytishicha, o‘g‘rilikda ayblanayotgan erining ishi bilan nega Milliy Xavfsizlik Xizmati shug‘ullanayotgani haqidagi savoli javobsiz qolgan.
MXX tintuvi Balxiboyevaga notanish bo‘lgan guvohlar ishtirokida o‘tkazilgan. Uydan komputer disklari, kitoblar, jurnalistga tegishli boshqa jihozlar musodara qilingan.
Ayni paytda Bobomurod Abdullayev MXXga qarashli Yunusobod tumanidagi tergov izolyatorida ushlab turilgani aytilmoqda.
Jurnalistning ishi bilan shug‘ullanishga kirishgan advokat Munojot Parpiyevaga Abdullayev bilan ko‘rishish ruxsati berilmagan.
So‘nggi yillarda sport jurnalistikasi bilan shug‘ullanib kelgan Bobomurod Abdullayev bundan avval bir qator xalqaro nashrlar bilan hamkorlik qilgan.
Jurnalist, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi keskin tanqidiy chiqishlari bilan ham tanish. Abdullayev yaqindan o‘z videoblogini ham yurita boshlagan edi.
Bobomurod Abdullaeyvning hamkasblari jurnalistga nisbatan boshlangan jinoiy ish uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligini ehtimol qilishmoqda.