Abdulla Abdulla saylov komissiyasi xolisligiga shubha bildirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla, Kobul, 15-iyun, 2014-yil

Afg’onistonda prezidentlikka asosiy ikki nomzoddan biri Abdulla Abdulla saylov komissiyasiga ishonch yo’qolganini aytib, ikkinchi bosqichda berilgan ovozlar hisobini to’xtatishni talab qilmoqda.

Abdulla matbuot anjumani o’tkazib, saylov soxtalashtirilgani haqida ko’plab dalillar borligini aytdi. Unga ko’ra, raqib nomzod foydasiga soxta byulletenlar qo’shilgan, kuzatuvchilarga ovozlarni hisoblash jarayonini nazorat qilishga imkon berilmadi.

Abdulla saylov komissiyasining ikkinchi bosqichda ham yetti million odam ovoz bergani haqidagi da’volarini shubha ostiga qo’yib, amaldagi prezident Hamid Karzayni saylov xolisligini ta’minlamaganlikda aybladi.

Abdulla Abdulla uning idorasi saylov komissiyasi bilan aloqani uzayotganini aytib, hisobni darhol to’xtatishni talab qildi. Dastlabki natijalar 2-iyulgacha e’lon qilinishi kerak.

Sobiq tashqi ishlar vazirining bunday bayonoti mamlakatda katta siyosiy janjalga sabab bo’lishi mumkin. Tojik millatiga mansub Abdullaning ikkinchi bosqichdagi raqibi sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani bo’lib, u ham amaldagi prezident Karzay kabi pashtun millatining vakili. O’zbeklar sardori general Abdulrashid Do’stum G’ani bilan bir jamoada. Saylovda g’olib bo’lishda, Do’stum birinchi vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Afg'oniston ahli yangi rahbarga ovoz berdi