Afg'oniston: Giyohvandlikka berilgan shoir hayotga qaytmoqda

Afg'onistonlik turkman shoiri Muhammad Tavob

18 yildan beri giyohvand moddalar iste’mol qilib kelgan turkman shoiri Muhammad Tavob oddiy hayotga qaytishga harakat qilmoqda. U qariyb ikki oydan beri giyohvandlikka berilgan bemorlar davolanadigan kasalxonada muolaja olmoqda.

“Amerika Ovozi” shoir bilan uning kechinmalari haqida suhbatlashdi.

Turkman shoiri Muhammad Tavob Juzjon viloyatining Murdiyon tumanida dunyoga kelgan. Maktabni bitirib, to’rt yilcha o’qituvchilik qilgan. O’n sakkiz yildan beri taryak va kristall iste’mol qilib kelgan. Muhammad Tavob hayot mashaqqatlari uning giyohvand bo’lishiga sababchi bo’lganini aytadi.

“Toliblar kelgan yillari ko’p mashaqqatlar bo’ldi. Narkotikani yeb-chekib shunday badbaxtlikka uchradik. Toliblar davri juda og’ir vaqtlar edi. Aflotun bo’lsa ham o’zini yo’qotadi ekan. 54 kundan beri kasalxonada bo’ldim, o’zimni avvalgidan ko’ra juda yaxshi his qilaman. Doktorlar ham bizga yaxshi qarashdi”, - deydi Muhammad Tavob.

Giyohvandlikka berilgan turkman shoiri o’tgan kunlaridan afsusda.

“Hech kim shu narsaga yo’liqmasin. Har kim xohlasa tark eta oladi, faqat iroda kerak”, - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonlik shoir, sobiq bangining hayot yo'li

“Narkotikani iste’mol qilgan kunlarim hanuz esimda, esimga tushsa yuragim ezilib ketadi. Boshqalarga ham aytaman, kelsinlar, dori-darmon qilsinlar. Narkotikani tark etish insonga yangi bir hayot qaytarib beradi ekan. Uyda tark etish mumkin emas ekan”, - deydi Tavob.

Muhammad Tavob uylangan bo’lib, ikki o’g’li bor. Farzandlari bolalar mehribonlik uyiga topshirilgan.

“Bolalarimning oldin munosabati juda yomon edi, hozir yaxshi. Parvarishgoh (Mehribonlik uyi)ga borganimda, ota, narkotikani tark etdingizmi, deb so’radi. Ha, desam, yig’lab, yuzlarimni o’pib xushlik qildi”, - deydi shoir.

Muhammad Tavob boshqa giyohvandlar bilan o’tirib, qo’shiq aytib, suhbatlarda she’r aytib boshqalarga ham ruhiy yordam bergan.

Shoirni kasalxonaga jurnalist Muhammad Olim Rahmonyor olib kelgan. Unga moddiy-ma’naviy yordam bergan.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonlik jurnalist giyohvandlikka berilgan shoirni kasalxonaga joyladi

“Yo’ldan o’tayotgan edim, Tavobni ko’rdim, qaytib keldim. Tavobxon, men senga narkotikani tark qilishingga yordam beraman dedim. Bilsam, uning ayoli ham giyohvand ekan. Ayoli bir-ikki kun bizdan qochib yurdi. Kuzatib boraverdik – yana 13 ayolni topdik. Hammasini kasalxonaga topshirgan edik, bugun dorilanish muddati tugab, kasalxonadan chiqishga ruxsat berishdi”, - deydi Muhammad Olim Rahmonyor.

Jurnalist madaniy jamoatchi faollar va davlat rasmiylari yordamida Tavobga ish topib berishga ham harakat qilayotganini aytadi.