Birlashgan Millatlar Tashkiloti bugun hisobot chiqarib, Afg'onistonda joriy yilda 2010-yilga qaraganda ko'p odam o'lganini qayd etadi. Xususan, dastlabki olti oyda 1400 dan ziyod fuqaro nobud bo'lgan, deyiladi hujjatda. Bunga asosan jangarilar bilan otishmalar, qo'lbola bombalar, suiqasd xurujlari va NATO havo hujumlari sabab. Talofatlarning 80 foiziga jangarilar, 14 foiziga esa afg'on va xorijiy kuchlar javobgar.
Afg'on rasmiylarining bildirishicha, NATO kuchlari sharqdagi Xost shahrida olti fuqaroni o'ldirgan. Alyans Haqqoniy jangari guruhini nishonga olganini aytib, tinch aholi orasidagi talofatlarni inkor etmoqda. Xost aholisi bugun NATOga qarshi namoyish qilgan.
Bugun janubdagi Qandahor shahrida bir odam o'zini masjid ichida portlatib, besh kishini halok qilgan. Bu payt masjidda prezident Hamid Karzayning seshanba kuni o'ldirilgan ukasi xotirasiga bag'ishlangan diniy marosim o'tayotgan bo'lgan. Marhum Ahmad Vali Karzay o'z uyida ishongan tan soqchisi tomonidan otib o'ldirilgan.
Bugungi xurujda Qandahor viloyati diniy kengashi raisi Hikmatulla Hikmat va bir go'dak ham o'lgan. 15 kishi yaralangan, jumladan parlament a'zosi.
Politsiyaning aytishicha, bomba terrorchining sallasi ostiga yashirilgan bo'lgan.