Breaking News

Afg’onistonda harbiylar yanada murakkab vazifalar bilan yuzlashmoqda


Xizmatdan qochish hollari ham uchrab turadi, albatta. Armiyaga chaqirilgan yigitlar o’qish, sanash va yozishni o’rganadi-yu, keyin shartta qishlog’iga ketib qoladi
Xizmatdan qochish hollari ham uchrab turadi, albatta. Armiyaga chaqirilgan yigitlar o’qish, sanash va yozishni o’rganadi-yu, keyin shartta qishlog’iga ketib qoladi

Xalqaro qo’shin Afg’onistonni sekin-asta tark etib, xavfsizlikni ta’minlashdek muhim vazifa mahalliy kuchlar zimmasiga o’tayapti.

O’tgan hafta yetti viloyat ustidan nazorat ularga topshirildi. Afg’on armiyasi ishni uddalay oladi, deydi rasmiylar.

AQSh va NATO qo’shinlarining yangi rahbari, general-leytenant Jon Allen Hilmand viloyatining Lashkargoh shahridagi tantanali marosimda so’zladi.

"Afg’on askarlari, politsiya va qo’riqchilar bundan buyon o’z yurti uchun javobgar. Orqaga qaytish yo’q”, - deydi qo’mondon.

Afg’oniston janubidagi katta hududlarni koalitsiya nazoratga olgani natijasida Tolibon faoliyati ancha sustlashgani aytiladi.

Ammo jangarilar hamon qonli hujumlar orqali ta’sir o’tkazishga qodir. Yaqinda Qandahor viloyatida prezidentning ukasi Ahmad Vali Karzayning o’ldirilishi janubda beqarorlikni kuchaytirgan.

2014 yilga borib, ma’lumki, NATO Afg’onistonda harbiy missiyani yakunlaydi. Mahalliy zobitlar aholi tinchligini ta’minlashni o’rganishlari kerak.

Mamlakat bo’ylab harbiy maydonlarda har kuni mashq, yigitlar harbiy san’atdan tahsil olmoqda. Ammo qo’liga qurol olishdan oldin aksariyati harf tanishi kerak.

Murabbiylarning aytishicha, mashq va darslarni tashkil etish oson emas, chunki turli viloyatlardan to’plangan kadetlar turli tillarda gaplashadi. Umumiy bir tilni tanlab, dars berish mushkul masala.

Shunga qaramasdan, NATO kuchlari kapitani Karl Gunter dastur samara berishiga ishonadi.

"Ikki oy ichida ular o’qish va sanashni o’rganyapti. Bu esa nafaqat askarlik uchun kerak. Xizmat muddati tugab, tinch hayotga qaytganidan keyin bu yigitlar o’z qishlog’ida ham savod ulashadi. Demak biz butun Afg’onistonga yordam berayapmiz”, - deydi murabbiy.

Xizmatdan qochish hollari ham uchrab turadi, albatta. Armiyaga chaqirilgan yigitlar o’qish, sanash va yozishni o’rganadi-yu, keyin shartta qishlog’iga ketib qoladi.

Harbiy sohada ishlashni orzu qiladiganlar ham serob. Kursant Mustafo Havodiy AQShning mashhur Vest Poynt harbiy akademiyasida o’qishni niyat qilgan. So’ngra vataniga qaytib, armiyada yana 10 yil xizmat qilishini aytadi.

"Zamonaviy harbiy san’at va taktikadan dars olmoqchiman. Ilg’or usullar, qanday xizmat qilish, bilimlarimni qanday qo’llashni o’rganmoqchiman. Hammasi o’z yurtimni himoya qilish uchun”, - deydi kursant.

Afg’on armiyasini oyoqqa turg’azish va xavfsizlikni ularga ishonib topshirish uchun uch yildan ziyod vaqt bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG