Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay qaroriga ko'ra tuzilgan maxsus hay'at o'tgan yilgi parlament saylovlarida ovozlarni soxtalashtirish hollari qayd etilganini aniqlab, qonunchilik organiga kirgan 62 deputatni mandatidan ayirgan. 249 o'rinli parlament hukumat qaroridan norozi bo'lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotidan bu ishga aralashishni so'ramoqda.
Ammo prezident matbuot kotibi Vohid Umarning aytishicha, masala Afg'oniston ichki ishi bo'lib, unga chetdan aralashish yaramaydi, suverenitetni poymol etish deya baholanadi. Muxolifat nazarida prezident Karzay hay'atni parlamentda raqiblaridan qutulish maqsadida tuzgan.
Qonunchilar Oliy Sudni hay'atni noqonuniy deb topib, tarqatib yubormaganlikda ayblab, uning besh sudyasini shanba kuni ishdan olishga ovoz bergan.
Bu o'rtada sharqdagi Qunduz viloyatida afg'on va koalitsiya askarlari ayollar yuz-badanini yopuvchi burqa kiygan jangarini qo'lga olgan. Uning O'zbekiston Islomiy Harakati yetakchilaridan biri ekani aytilmoqda. NATOga ko'ra, u afg'on askarlari va politsiyasiga qarshi xurujlarni rejalashga mas'ul bo'lgan.
Hukumat qaroridan norozi afg'on parlamenti yordam uchun BMTga murojaat etmoqda
- Amerika Ovozi