Afg'oniston xavfsizlik kuchlari Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat" jangari to'dasiga qarashli muhim bazani qo'lga kiritganini aytmoqda.
Viloyatning Pokiston chegarasidagi Haska Mena tumanida joylashgan Viloyati Xuroson bazasi jangarilardan tozalangan. Bu yerda guruh o'z safiga yangi odamlarni yollash va tayyorgarlikdan o'tkazish bilan shug'ullangan.
"Tumandagi ko'plab joylarni, xususan, Gurguray va Shabay qishloqlarini ozod qildik", - dedi Afg'oniston armiyasi polkovnigi Shirin Aqa.
"IShIDning muhim bazalari, jumladan, odam yollash markazi egallandi", - deya qo'shimcha qildi u.
Harbiyning aytishicha, amaliyotda 27 jangari o'ldirilgan, 17 tasi yaralangan.
Xuroson bazasi "Islomiy davlat"ning Afg'onistondagi asosiy manzili sanalgan. Mamlakat bo'ylab ko'plab xurujlar shu yerdan turib amalga oshirilayotgan edi.
"Hukumat kuchlari Gurguray maktabini qo'lga olishdi. Bu yerni IShID harbiy postga aylantirgan edi", - dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.
"Hukumat kuchlari qat'iy ko'rinadi. Jangarilarga qarshi amaliyotlarini davom ettirmoqchi", - deya qo'shimcha qildi u.
Viloyat hokimi so'zlovchisining aytishicha, tez orada "Islomiy davlat"dan aziyat chekkan mahalliy aholiga yordam dasturlari yo'lga qo'yiladi.
Afg'oniston rasmiylari o'tgan hafta ham qo'shni Kot tumanini jangarilardan tozalaganini e'lon qilgan edi. Tumanni ozod qilish uchun davom etgan bir oylik amaliyotda 300 ga yaqin jangari o'ldirilgan.