Afg'oniston qo'shnilari barqarorlik tarafdori

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'oniston kelajagi, qo'shni davlatlar roli/Afghanistan's future

2013-yilda Afg’oniston armiya va politsiyasi salohiyatini oshirishda davom etib, xorijiy kuchlarning ketishiga tayyorgarlik ko’radi. Xitoy, Pokiston va Eron kabi qo’shni davlatlar Afg’onistondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Yon atrofdagi mamlakatlar bu yurt kelajagiga befarq emas.

NATO kuchlari 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi bilan xavfsizlikni ta’minlash mahalliy armiya va politsiya zimmasiga tushadi.

Ayrimlar nazarida Afg’oniston 300 ming sonli xavfsizlik kuchlari bilan ham al-Qoida, Haqqoniy tarmog’i va Tolibonni yenga olmasligi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Imtiyoz Gulning aytishicha, Afg’oniston beqarorligi ularga ham tahdid solishini yaxshi tushungan qo’shni davlatlar so’nggi paytda barqarorlik yo’lida qator tashabbuslar bilan chiqdi.

"Mening nazarimda, Pokiston va boshqa mamlakatlar Afg’onistonga nisbatan qarashlari, siyosatiga jiddiy tuzatish kiritgan. Agar ular chetda qarab tursa, vaziyat izdan chiqib, beqarorlik ularning hududlariga ham o’tishini anglab yetishdi", - deydi tahlilchi.

So’nggi bir yilda Afg’onistonga ittifoqchi davlatlar rasmiylari Chikago va boshqa joylarda uchrashib, bu davlatga to’rt milliard dollarlik yordam berishga kelishib, kelasi 10 yilda nima qilish kerakligi xususida fikr almashdi.

AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Mark Grossmanning aytishicha, va’dalar yaxshi, ammo bu bir qadam, xolos.

"Va’dadan ko’ra uning ijrosi muhimroq. Agar Afg’onistonni tinch, barqaror, farovon qilishga yordam bera olsak, mintaqa ham tinch va farovon bo’ladi", - deydi diplomat.

Qo’shma Shtatlar mintaqadan chiqsa, Xitoy kabi sarmoyadorlar Afg’onistonga diplomatik va iqtisodiy ta’sirini kuchaytirishi mumkin.

Ayniqsa Pokiston Xitoyning yaqin ittifoqchilaridan ekani hisobga olinsa, deydi Germaniyaning Marshall jamg’armasi tahlilchisi Endryu Smols.

"Afg’oniston Pekindan sarmoya kiritishni istashiga bir sabab shuki, Pokiston Xitoyga ishonadi. Bu degani, Tolibon va u kabi guruhlar boshqalarni qabul qilmasa-da, Xitoy loyihalariga qarshi chiqmasligi mumkin. Pekin ham o’z navbatida Pokistonga ta’siridan foydalanib, undan Tolibonni jilovlashni, loyihalariga to’siq bo’lmaslikni so’rashi osonroq bo’ladi", - deydi ekspert.

Eronning ham Afg’oniston bilan aloqalari mustahkam – ham madaniy, ham tijoriy.
Bu juda muhim, deydi AQSh davlat kotibining sobiq muovini Karl Inderfurt.

"Eron Afg’onistonni Tolibon davriga qaytishdan saqlab qolish, demokratik tizimga o’tish va qo’shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash yo’lidagi mintaqaviy tashabbuslarga qo’shiladimi, yo’qmi, shuni bilish lozim", - deydi sobiq diplomat.

Afg’oniston kelajagi uning qo’shnilar bilan munosabatlari va turli masalalar bo’yicha o’zaro hamkorligiga ko’pdan bog’liq.