Yil sarhisobi: Afg’oniston-Pokiston aloqalarida iliqlik

  • Amerika Ovozi
Pokiston va Afg’oniston hukumatlari ko’p masalalarda kelisha olmasa-da, tugayotgan yilda aloqalar sezilarli darajada yaxshilangan. Qo’shnilar orasida hamkorlik afg’on mojarosiga nuqta qo’yishda muhim rol o’ynaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Yil sarhisobi: Afg’oniston-Pokiston aloqalarida iliqlik/Shohruh Hamro


Pokiston Afg’onistondagi Tolibon harakati bilan aloqada ekani haqidagi da’volar ikki davlat munosabatlariga soya solib kelayotgan asosiy omil hisoblanadi.

Gumon shuki, Islomobod qo’shni davlatdan xorijiy qo’shinlar chiqib ketganidan keyin bu yerda o’z nufuzini saqlab qolish uchun ayrim jangari guruhlarni qo’llab-quvvatlaydi. Pokiston rahbariyati bu iddaolarni inkor etadi.

Xumoyun Shoh Osifiy, Afg’oniston muxolif partiyasi vakili fikricha, orada ishonch bo’lishi uchun tomonlar birdek harakat qilishi lozim.

“Afg’oniston Pokistonning orqa hovlisi deb o’ylashmasin, biz suveren davlatmiz”, - deydi siyosatchi.

Afg’oniston mustaqil davlat, lekin Pokiston singari o’z hududini to’la nazorat qila olmasligi ham sir emas. O’tgan yillar mobaynida Kobul Pokistonni jangarilar qarorgohi deb tanqid qilgan bo’lsa, hozirda Islomobod ham xuddiy shunday ayblovlar bilan chiqmoqda.

Shu yoz Pokiston televideniyesi bilan suhbatda prezident Hamid Karzay jangarilar Afg’onistondan turib qo’shni davlatga hujumlar uyushtirayotganini tan oldi. “Biroq bu mening aybim emas, bu Pokiston armiyasining Afg’onistonga nisbatan adovati va chegaradagi azaliy nifoq natijasi”, - deydi afg’on rahbari.

O’tgan yildan buyon Pokiston umumiy chegara bo’ylab in qo’ygan jangari manzillariga qarata minglab raketa otgan. Ikki respublikani ajratib turgan Durand chizig’i shu yerdan o’tadi.

Pokiston senatori Afrosiyob Xattak fikricha, chegara hududlaridagi muammolar aslida ikki hukumatning bir-biriga ishonmasligidan kelib chiqadi.

“Chegarani bo’lak-bo’lak qilib jangari guruhlarga berib qo’yishdan nizo chiqadi. Afsuski, Pokiston yillardan buyon shunday ishga qo’l urib kelgan, yaqindan boshlab Afg’oniston ham shunday taktikani qo’llayapti. Pokistondan qochgan jangarilarga boshpana berayapti”, - deb tushuntiradi qonunchi.

Ammo so’nggi payt munosabatlar biroz iliqlashgan. Navoz Sharif hukumati Tolibon va Karzay orasidagi tinchlik muzokaralarini yoqlab, bu jarayonga hissa qo’sha oladigan Tolibon yetakchilarini ozod etayapti.

Afg’oniston tinch bo’lsa bizda ham barqarorlik bo’ladi, deya ta’kidladi Sharif yaqinda Kobulga safari chog’ida.

“Biz Afg’onistonni qo’llab-quvvatlaganmiz va kelajakda ham bu ishni davom ettiramiz. Biror guruhga yon bosish yo’q. Biz afg’on xalqi tarafidamiz”, - deydi Pokiston vaziri.

Kelasi yili NATO qo’shinlari Afg’onistondan ketganidan so’ng bu o’lkada nima bo’ladi? Chegaraning har ikki tomonida jangari guruhlar qayta kuchga to’lishi va minglab afg’on qochqinlar Pokistonga yopirilib kirishi mumkinligi Islomobodni tashvishga soladi.

Pokiston armiyasi sobiq generali Axtar Abbosning aytishicha, har ikki respublika hukumatlari va qurolli kuchlari kengashib, terrorizmga qarshi kurashda haqiqiy hamkorlikni yo’lga qo’yishi kerak. Aks holda, tinchlik bizga ham, ularga ham tatimaydi, deydi u.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, ikki davlat xavfsizlik kuchlari o’rtasida raqobat bor. Adovat va ishonchsizlik shundan kelib chiqadi va Pokistonning AQSh va Hindiston bilan aloqalariga ham ta’sir ko’rsatadi.

Chet el zobitlari Afg’onistonni tark etishga hozirlanar ekan, ekstremist guruhlarni jilovlashdan ham Islomobob, ham Kobul manfaatdor. Ular birgalikda ishlashga majbur.